Zamonaviy ta’lim oldidagi eng dolzarb savol: Sun’iy intellekt o‘qituvchining o‘rnini egallaydimi?
Sun’iy intellekt (AI) kundan-kunga shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, ta’lim tizimi qanday o‘zgaradi va bu o‘zgarishlar kim uchun foydali, degan savol bugungi kun ziyolilarini chuqur o‘ylantirmoqda. Tasavvur qiling: talaba uyida o‘tirib, bir necha soniya ichida murakkab mavzuni tushunib oladi, insho yozadi yoki chet tilida mukammal matn yaratadi. Buning uchun esa unga faqatgina internet va sun’iy intellekt dasturi kerak bo‘ladi. Shunday ekan, tabiiy savol tug‘iladi: bugungi raqamli asrda an’anaviy o‘qituvchiga ehtiyoj qoldimi?
ugungi kunda sun’iy intellekt ta’lim tizimiga juda faol kirib kelmoqda. Zamonaviy talabalar ChatGPT, Grammarly, Google Translate kabi zamonaviy raqamli vositalardan foydalanib, o‘qish jarayonini sezilarli darajada osonlashtirmoqda. Bu esa bilim olishni tezroq va qulayroq qilishga xizmat qilyapti. Masalan, ingliz tilini o‘rganayotgan talaba ilgari so‘zlarning tarjimasini lug‘atdan uzoq qidirgan bo‘lsa, bugun u sun’iy intellekt yordamida nafaqat tarjimani, balki so‘zning kontekstda ishlatilishini, sinonimlarini va hatto butun bir gapni qanday to‘g‘ri tuzishni ham tez fursatda o‘rganadi. Bu esa o‘qish samaradorligini sezilarli darajada oshirmoqda.
Yoki boshqa bir holatni olib ko‘raylik. Talaba murakkab iqtisodiy mavzuni tushunishda qiynalyapti. Avvallari u o‘qituvchining qabuliga borishi yoki kutubxonadan kunlab kitob izlashga majbur edi. Hozir esa u sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, murakkab teorema yoki formulaning eng sodda tushuntirishini bir necha soniya ichida olishi mumkin. Ammo bu yerda boshqa bir muhim masala paydo bo‘ladi: bunday tayyor qulaylik talabaning haqiqiy o‘rganish jarayonida izlanish qobiliyatiga ijobiy ta’sir qiladimi yoki aksincha, uni sustlashtiradimi?
Haqiqat shundaki, sun’iy intellekt katta imkoniyatlar bilan bir qatorda muayyan xavf-xatarlarni ham olib kelmoqda. Agar talaba ushbu tizimlardan faqat tayyor javob olish yoki ko‘chirish uchungina foydalansa, unda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyati yo‘qolishi hech gap emas. Masalan, ayrim talabalar esse va mustaqil ishlarni yozishda sun’iy intellektga to‘liq suyanib qolmoqda, natijada ularda shaxsiy fikrni shakllantirish va uni bayon etish ko‘nikmasi rivojlanmay qolyapti. Shu sababli ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan qanday va qaysi me’yorda foydalanishni to‘g‘ri yo‘naltirish juda muhim vazifadir.
Mening fikrimcha, sun’iy intellekt o‘qituvchini hech qachon to‘liq almashtira olmaydi, balki uning faoliyatini yanada kuchaytiradi. Chunki ta’lim faqatgina quruq ma’lumot berishdan iborat emas. U o‘zida jonli insoniy muloqot, motivatsiya, ruhiy qo‘llab-quvvatlash va tarbiyani ham mujassam etadi. Malakali o‘qituvchi talabani tinglay oladi, uning ruhiy holatini va qiyinchiliklarini sezadi, har bir ta’lim oluvchiga individual yondashuv topadi. Bu esa sun’iy intellekt uchun algoritmik jihatdan hali ham murakkab va imkonsiz vazifa bo‘lib qolmoqda.
Dars jarayonida o‘qituvchi talabalar bilan bevosita muloqot qiladi, bahs-munozaralar tashkil etadi va fikr almashadi. Bu ijodiy jarayon orqali yoshlar nafaqat bilim oladi, balki jamiyatda o‘z fikrini erkin va ishonchli ifoda etishni ham o‘rganadi. Sun’iy intellekt esa bunday emotsional va interaktiv aloqani yaratishda cheklangan. Biroq, ta’limni shaxsiylashtirishda uning o‘rni beqiyos. Ilg‘or texnologiyalar tufayli har bir talaba o‘z o‘zlashtirish tezligida o‘rganishi, o‘ziga mos materiallarni tanlashi mumkin va bu tizim ayniqsa katta akademik auditoriyalarda juda qo‘l keladi.
Yana bir misol: talabalarning yozma ishlarini tekshirish jarayoni. O‘qituvchi har bir ishdagi imloviy yoki grammatik xatolarni qidirish uchun ko‘p vaqt sarflaydi. Sun’iy intellekt esa bunday texnik xatolarni bir necha soniyada aniqlab bera oladi. Bu esa o‘z navbatida ustozlarga ortiqcha rutinoma ishlardan xalos bo‘lib, ko‘proq vaqtini talabalar bilan ijodiy va ilmiy muloqot qilishga ajratish imkonini yaratadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt texnologiyalari ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich kirib kelmoqda. Zamonaviy onlayn platformalar, raqamli darsliklar va interaktiv raqamli vositalar ta’lim sifatini yangi bosqichga oshirishga xizmat qilayotir. Bu esa kelajakda yurtimiz ta’lim tizimi yanada zamonaviy va samarali bo‘lishidan dalolat beradi. Biroq eng muhim savol shundayligicha qolmoqda: biz ushbu texnologiyalardan qanday maqsadda foydalanamiz? Agar sun’iy intellekt bizga faqat yordamchi va instrument bo‘lsa — bu rivojlanishdir. Agar u fikrlashimiz o‘rnini butunlay egallab olsa — bu katta ma’naviy muammodir.
Shu bois ta’limda inson va texnologiya o‘rtasidagi muvozanatni saqlash hayotiy zaruratdir. Sun’iy intellekt bilim olish yo‘lini osonlashtirishi kerak, lekin insoniy tafakkur o‘rnini bosa olmaydi. Talaba o‘zi izlanmasa, savol bermasa, mushohada yuritmasa va o‘ylamasa, hech qanday eng zamonaviy texnologiya ham uni haqiqiy mutaxassisga aylantira olmaydi. Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt zamonaviy ta’limning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. U ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda, lekin undan oqilona va to‘g‘ri foydalanish mas’uliyati yana insonning o‘zida qoladi. Kelajak ta’limning muvaffaqiyati — bu inson va texnologiyaning oqilona hamkorligidir.
Nilufar GIYAZOVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi,
O‘zA