Sanitariya-epidemiologiya sohasini rivojlantirish — zamon talabi va jamoat salomatligi kafolati
Dunyoda jamoat salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologiya sohasini rivojlantirish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yaqinda butun insoniyat boshdan kechirgan COVID-19 pandemiyasi mavjud tizimlarning qay darajada tayyor ekanini sinovdan o‘tkazdi va bu sohadagi kamchiliklarni yaqqol namoyon qildi. Pandemiya sharoitida tezkor diagnostika, zamonaviy laboratoriyalar va mustahkam infratuzilmaning ahamiyati beqiyos ekani isbotlandi.
Shu bois, sanitariya-epidemiologiya xizmatlarini modernizatsiya qilish, laboratoriya imkoniyatlarini kengaytirish va favqulodda holatlarga tayyorlik darajasini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
Ana shulardan kelib chiqib mamlakatimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va BMTning Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha idorasi (UNOPS) “COVID-19 ga favqulodda javob” loyihasi doirasida laboratoriya va jamoat salomatligi muassasalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

Hamkorlik doirasida kasalliklarni nazorat qilish, laboratoriya diagnostikasi va jamoat salomatligi tizimini kuchaytirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Loyihaning infratuzilma qismi doirasida hozirgacha qo‘mitaning 265 ta muassasasi zamonaviy laboratoriya standartlariga mosligini aniqlash uchun baholandi. Ushbu baholash natijasida rekonstruksiya va yangi qurilish uchun 45 ta ustuvor ob’ekt tanlab olindi.
2025-yilda barcha 45 ta ob’ekt uchun loyiha hujjatlari yakunlandi va ular zamonaviy bioxavfsizlik hamda laboratoriya talablariga mos ravishda ishlab chiqildi. 2025-yildan hozirgi kungacha 44 ta ob’ekt bo‘yicha qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, 6 ta ob’ekt to‘liq yakunlandi.
Shulardan biri — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Buxoro viloyati boshqarmasi bo‘lib, ushbu ob’ektga jami 2,2 million dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Loyiha ikki yo‘nalishda amalga oshirildi: yangi laboratoriya binosini qurish va mavjud laboratoriyalarni rekonstruksiya qilish.
Yangi qurilgan uch qavatli binoda xavfli infeksiyalar, radiologiya hamda sanitariya-gigiyena tahlillari uchun maxsus laboratoriyalar joylashgan. Shu bilan birga, mavjud virusologiya, parazitologiya va bakteriologiya laboratoriyalari ham modernizatsiya qilinib, ish sharoitlari yaxshilandi va laboratoriya faoliyati samaradorligi oshirildi.
Qolgan ob’ektlarda ham ishlar davom etmoqda. Yana 4 ta ob’ektni 2026-yil may oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan, qolganlari ham yil davomida topshiriladi.
UNOPS infratuzilma ishlarini xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik boshqaruv standartlariga muvofiq amalga oshirishda ko‘maklashmoqda. Bu esa yangilangan muassasalar zamonaviy laboratoriya va bioxavfsizlik talablariga javob berishini ta’minlaydi. Loyihaning infratuzilma qismi qiymati 77,7 million dollarni tashkil etib, u butun mamlakat bo‘ylab sanitariya-epidemiologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilishni qamrab oladi.
Mazkur ishlar 2022-2026-yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli loyiha tarkibiga kiradi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (ADB) va Osiyo infratuzilma investitsiya banki (AIIB) tomonidan O‘zbekiston hukumatiga ajratilgan 160 million dollar kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi sanitariya-epidemiologiya tizimini mustahkamlash bo‘lib, laboratoriya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tibbiy va notibbiy uskunalarni xarid qilish, raqamli tizimlarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish imkoniyatlarini yaxshilash orqali amalga oshiriladi.
Bularning barchasi aholi uchun aniq test natijalari, sog‘liq uchun xavf tug‘diruvchi holatlarga tezkor javob va kasalliklar tarqalishidan yanada ishonchli himoya deganidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA