“Do‘stlik stelasi” – birlik ramzi (+video)
Bundan bir yil muqaddam Farg‘ona viloyati hududidagi O‘zbekiston– Tojikiston–Qirg‘iziston chegaralari tutashgan nuqtada “Do‘stlik stelasi” uch davlat rahbarlari tomonidan ochilgan edi. Shu bilan o‘n yillar davomida ro‘y bergan chegara masalasidagi noxush voqealarga chek qo‘yildi.
Xo‘sh, “Do‘stlik stelasi” ochilganidan so‘ng o‘tgan bir yilda davlatlararo munosabatlarda qanday o‘zgarish bo‘ldi?
Avvalo, mamlakatlar o‘rtasidagi siyosatda yangi ruh paydo bo‘ldi. U ochiqlik, o‘zaro ishonch tamoyiliga tayangan. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Do‘stlik stelasi”– qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada shu kabi masalalar tahlil qilindi. Unda ishtirok etgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan tashrif buyurgan davlat mulozimi, siyosatchi va olimlar o‘tgan bir yil davomida millatlararo munosabatlarda nimalar o‘zgargani haqida fikr va xulosalarini bildirdilar.
– “Do‘stlik stelasi” nafaqat uchta davlatning ramzi, balki O‘rta Osiyoning barcha xalqlarini birlashtiradigan ramzdir,– deydi Qozog‘iston xalq assambleyasi qoshidagi Respublika mediatsiya kengashining rahbari, Ostona shahar o‘zbeklar jamiyati raisi Sherzod Po‘latov. – O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi 130 dan ortiq millatlar o‘z tili, madaniyatini saqlash uchun barcha shart-sharoit yaratilganini ko‘rdik. Bu esa davlatning millatlarga nisbatan hurmati. Xuddi shunday sharoitlar Qozog‘istonda ham o‘zbek millati uchun yaratildi. 140 dan ortiq maktabda ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi. Ularning o‘z do‘stlik uylari bor.
[gallery-28452]
Konferensiyada “Do‘stlik stelasi”ning ahamiyati haqida gapirilib, unga ta’rif ham berdilar.
– “Do‘stlik stelasi” bunyod etilganiga bir yil bo‘lgan esada, uning poydevori asrlar osha ham xalqlar birligini ifodalovchi ramz bo‘lib qolaveradi. Menimcha, vaqtlar kelib “Do‘stlik stelasi”ning huquqiy asoslari haqida qonun ham qabul qilinar,–dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova. – Gap nafaqat xalqlar birdamligini ifodalash, balki kelgusi avlodlar uchun ham ma’naviy meros haqida ketmoqda. Stela xalqlarning bir yilda bir marta uchrashuv joyi emas, u Markaziy Osiyoning yaxlit ovozi bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston–Qirg‘iziston, O‘zbekiston–Tojikiston do‘stlik jamiyatlari rahbarlari, Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zbek milliy markazlarining rahbar va vakillari so‘zga chiqib, o‘zaro viza bekor qilinishining o‘zi yetmaydi, endi bojxona me’yorlari, chegaraoldi savdosi imkoniyatlari va xalq diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish zarur, dedilar.
Farg‘ona viloyatida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon” do‘stlik forumi davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/k6sLU5bWgZ8" title="“Do`stlik stelasi” – birlik ramzi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA