Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Mazkur qaror Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ijtimoiy soxd va iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni xalqaro standartlarga muvofiq qoplash imkonini beradi.
Maqsad Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, hududda muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi. Shuningdek, Samarqand davlat universitetiga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini qo‘shib olinadi, Samarqand davlat pedagogika institutiga Samarqand davlat universiteti Urgut filialini qo‘shib olish hamda mazkur filial bazasida Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialini qo‘shiladi.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining talabalari o‘qishini Samarqand davlat texnika universitetida;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining talabalari o‘qishini Samarqand davlat universitetida;
Samarqand davlat universiteti Urgut filialining Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti talabalari o‘qishini Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetida;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining talabalari o‘qishini Samarqand iqtisodiyot va servis institutida davom ettiradi hamda belgilangan tartibda o‘qish yakuni bo‘yicha ularga mazkur oliy ta’lim tashkilotlarining diplomi beriladi.
Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining 2025/2026 o‘quv yilida tahsil olayotgan talabalariga o‘qishini tugatgunga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi bilan birgalikda mazkur qarorda ko‘zda tutilgan oliy ta’lim tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan professor-o‘qituvchilar va doktorantlari xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga malaka oshirish va ilmiy stajirovkaga yuborilishini ta’minlayd.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Samarqand davlat texnika universitetida Intellektual suv texnologiyalari ilg‘or muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etiladi.
Hududdagi sanoat korxonalarining ehtiyojlariga muvofiq bosqichma-bosqich muhandislik va ishlab chiqarish texnologiyalari sohalari bo‘yicha yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA