Rossiyaning uch mintaqasida benzin tanqisligi ortidan yuqori darajadagi ogohlik holati e’lon qilindi
Rossiya mintaqalari Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumi natijasida yuzaga kelgan yonilg‘i inqirozi sharoitida yuqori darajali ogohlantirish e’lon qila boshladi.
Birinchi bo‘lib Baykal orti o‘lkasi rasmiylari 25-iyun kuni benzin sotishni jismoniy shaxslarga 15 litr bilan chekladi. Shunga o‘xshash qaror 28-iyun kuni Irkutsk viloyatida ham e’lon qilindi. Mintaqadagi “Rosneft” yonilg‘i quyish shoxobchalari har bir transport vositasiga 50 litrlik chegara belgilab, boshqa stansiyalarga yanada kuchli cheklov qo‘yishga ruxsat berdi.
30-iyun kuni gubernator Oleg Melnichenko Penza viloyati ham eng yuqori ogohlik holatiga o‘tishini e’lon qildi.

– Asosiy maqsad favqulodda xizmat va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar, jumladan yonilg‘i-energetika sohasi uzluksiz ishlashini ta’minlash, – deya izoh bergan mulozim qarorga.
Ushbu hududda 23-iyundan beri yonilg‘i sotuviga nisbatan cheklov amal qilmoqda. Bir transport vositasiga 100 litrdan ko‘p benzin, 200 litrdan ortiq dizel yonilg‘isi quyilmayapti.
S.Rahimov, O‘zA