“Quyosh vohasi”da bitgan – “Gurvak sulton”
Xorazm viloyati nafaqat boy tarixi, me’morchilik yodgorliklari, madaniyati va san’ati bilan mashhur, balki qovunlarning betakror ta’mi bilan ham dunyoga tanilgan. Qadim voha qovunlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham o‘zining shirinligi, xushbo‘yligi va uzoq saqlanish xususiyati bilan qadrlanib keladi.
Xorazmliklarning kundalik so‘zlashuv jarayonida qovun bilan bog‘liq iboralar ko‘p uchraydi. Ularning aksariyati “Gurvak” bilan bog‘liq. Xalq orasida “Qovun qovundan rang oladi”, “Yozda gurvak yegan, qishda sovuq yemas”, “Qovun eksang – poliz, gurvak eksang – aziz bo‘ladi”, “Hayoting gurvakday shirin bo‘lsin!” kabi o‘xshatishlar yuradi. Ayniqsa, qishloqlardagi bog‘dor dehqonlar iyul-avgust oylarida uyiga mehmon taklif qilmoqchi bo‘lsa, “Galing, Gurvak yemakka!” deya xitob qiladi.
Shuningdek, o‘zga yurtlarga ketmoqchi bo‘lgan xorazmlikka yoshi kattalar “Gurvak bo‘lsang, Xorazmda un!” deb uqtirishadi. Bu degani har bir inson yoki narsa o‘z makonida qadr topishini bildiradi.
Xullas, vohada boshqa qovun navlari orasidagi yuqori mavqeiga ega bo‘lgan “Gurvak” qovuni “Poliz sultoni” deya ta’riflanadi.
Yer yuzida hidi va ta’mida o‘xshashi bo‘lmagan bu qovunni bir marta to‘yib iste’mol qilsangiz, uning tarkibidagi moddalar tanangizda bir yil, ta’mi esa yillar davomida saqlanib qoladi. “Gurvak” yoz oyining o‘rtalarida yetilib pishadi va sanoqli kunlargina iste’molda bo‘ladi. Uni bir-ikki oydan ortiq saqlab bo‘lmaydi. Shuningdek, uning urug‘ini olib, boshqa joyda yetishtirsa ham o‘z ta’mi va xushbo‘yligini yo‘qotadi.
Hazorasp tumani "Polvon pir" fermer xo‘jaligi rahbari Shavkat Quryozov turli qovun navlarini yetishtiradi. Ayniqsa, keyingi yillarda yo‘qolib ketgan qovun navlarini qayta tiklashga “bel bog‘lagan”. Uning polizida hozirda yigirmadan ortiq qovun navlari yetishtirilmoqda. “Gurvak” qovuni esa ayni pishiqchilik pallasida. Biz undan nega “Gurvak” qovuni boshqa joylarga qaraganda Xorazm va Qoraqalpoq yerlarida o‘sganda ta’mi shirin bo‘lishini so‘radik.
– Buning sababi eng avvalo geografik joylashuvimiz bilan bog‘liq, – deydi Shavkat Quryozov. – Biz Amudaryoning quyi deltasida joylashganmiz. Daryo suvlari bizga yetib kelgunicha turli-tuman minerallarga to‘yinib keladi. Ikkinchidan, vohamizning yozi juda issiq va qishi juda sovuq. Qumloq va biroz sho‘rlangan tuprog‘imiz qishda muzlab, miriqib “tin” oladi. Bahorda “sho‘rini yuvamiz”, mineral suvga to‘yib sug‘orilgan yerlarga qovun urug‘larini qadaymiz. “Gurvak” juda ko‘p suvni ham yoqtirmaydi. Yerdan unib chiqqach faqat issiq oftob nurida gurkurab o‘sadi. Kimyoviy o‘g‘itlarni ham unchalik xushlamaydi. Uchinchidan, bizda qovun yetishtirish texnologiyasi ko‘p asrlardan buyon ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelmoqda. Biz ota-bobolarimiz o‘rgatgan usul bo‘yicha yerga ishlov berib, qovun yetishtiramiz.
Xorazmning o‘ziga xos quyoshi, iqlimi, tuprog‘i va dehqonlarning tajribasi “Gurvak”ka haqiqatda o‘zgacha maza bag‘ishlaydi. Ayniqsa, buni dala boshiga kelib iste’mol qilsangiz aniq his qilasiz. Qovunning kesilgan har bir bo‘lagida mehr, vohaning o‘ziga xos tabiati, ya’ni bahori va yozining issiq tafti hamda dehqonning mehnati bor.
Hazorasp tumaning Qovunchi mahallasida yashovchi Xosiyat Saidahmadova mahalladoshlari kabi bir necha o‘n yillar davomida qovun yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
– Mahallamizdagi hamma o‘z tomorqasida asosan qovun yetishtiradi, – deydi polizkor Xosiyat Saidahmadova. – Har yili mamlakatimiz va xorijiy bozorlarga tomorqa yer dalalarimizdan har xil turdagi qovunlar jo‘natiladi. Biz esa butun oilamiz bilan asosan “Gurvak” yetishtiramiz. “Gurvak” qovunni eksport qilishning iloji yo‘q. Chunki, yetilib pishgan qovun yigirma kungina o‘z ta’mini saqlab turadi. Palakdan uzilgach, ikki oydan so‘ng esa umuman iste’molga yaroqsiz bo‘ladi. Mag‘zi uning 95 foizini tashkil qiladi. Uning po‘chog‘i juda yupqa bo‘lganligi sababli ko‘p saqlab bo‘lmaydi. Biroq, “Gurvak”ning mazasi va hidini boshqa qovunlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Uning shirasi ham boshqa navlarga qaraganda ancha yuqoridir.
Tarixiy manbalarda “Xorazm” atamasining lug‘aviy ma’nosi “Quyosh qabilasining yeri”, “Quyoshli yer”, “Quyosh vohasi” degan taxminlar keltiriladi. “Gurvak” ham bahor va yoz quyoshining harorati ila yetiladigan ertapishar qovundir. Uning parvarishida ham oftobning o‘rni beqiyos.
Tarixda, olamga mashhur arab sayyohi Ibn Battuta va Venger olimi Herman Vamberi asarlarida keltirilishicha, bu zaminda yetishtirilgan qovunlar muz bilan o‘ralgan qo‘rg‘oshin qoliplarda savdo karvonlari orqali dunyoning turli davlatlariga eksport qilingan. Bu an’analar hali hamon davom etmoqda.
Biroq, “Gurvak” xorijga eksport qilinmasa-da, Xorazm qovunchiligining ramzi hisoblanadi. “Gurvak”ni faqat qisqa muddat ichida, ya’ni maromiga yetib pishgandagina yeyish mumkin. Shuning uchun u qovunni yeyishga, albatta, Xorazmga borish kerak.
Ana shu imkoniyatni barcha qovunsevarlarga taqdim etish hamda Xorazm qovunchiligini yanada keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini qaratish va turistlar oqimini oshirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili ayni qovun pishig‘i mavsumida an’anaviy tarzda “Qovun sayli” xalqaro festivali o‘tkaziladi.
[gallery-30738]
Bu tadbirlarda dehqonlar o‘zlari yetishtirgan eng sara “Gurvak”larni namoyish etadi. Sayillarda milliy kuy-qo‘shiqlar, turli ko‘ngilochar o‘yinlar va ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tadi.
Ona tabiatning va Xorazm zaminining bebaho ne’mati, “Gurvak” endilikda xalqaro mehmondo‘stlik va to‘kin-sochinlik ramziga ham aylandi. “Qovun sayli”ga tashrif buyurgan har bir mehmon aynan Gurvak qovunidan tatib ko‘rmasdan ortiga qaytmaydi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari