Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosi qanday bajarilmoqda?
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosi va ipoteka kreditlari ajratilishi holatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, bank rahbarlari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etgan tadbirda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, sohada yechimini kutayotgan tizimli muammolar va aholidan kelib tushayotgan murojaatlar atroflicha muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda uy-joy qurilishi hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, o‘tgan 2025-yilda respublika bo‘yicha 15,9 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan.
2040-yilga qadar yillik uy-joy qurilishi hajmini 280 ming xonadonga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha uy-joy maydonini esa 23 kvadrat metrga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Uy-joy qurilishi va ipoteka tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, mazkur sohani yanada takomillashtirish va yangicha yondashuv mexanizmlarini ishlab chiqish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Jumladan, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 2025-yilda uy-joy bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 41 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.
[gallery-30754]
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunda murojaatlarning asosiy qismi uy-joy qurish va uy-joy bilan ta’minlash masalalariga oid bo‘lgan.
Yig‘ilishda ipoteka kreditlarini uzoq muddatga ajratishni rag‘batlantirish, kreditlarning maksimal miqdorini bozor narxlaridan kelib chiqib belgilash, majburiy sug‘urta, mulkni baholash va notarial to‘lovlarni kamaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur yig‘ilish davlat organlari, tijorat banklari, qurilish sohasi vakillari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda jamoatchilik o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilib, sohadagi tizimli muammolar yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqish imkonini berdi.
Yig‘ilish yakunida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ipoteka kreditlash tizimini yanada soddalashtirish va mablag‘lardan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va tijorat banklariga tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur masala Senat qo‘mitasining doimiy nazoratida qolishi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA