Qoraqalpog‘iston hududida yangi o‘rgimchak turi aniqlandi —ilmiy tadqiqot
2026-yilda Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasidagi Britaniyaning Arachnology jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada Qoraqalpog‘iston hududida o‘rgimchaklarning yangi turi aniqlangani haqida muhim ma’lumotlar e’lon qilindi. Mazkur tadqiqot Dmitriy Logunov, Mardona Bektursunova va Ikrom Abdullayev tomonidan olib borilgan bo‘lib, unda Karakumosa ustyurtica nomi bilan yangi tur ilmiy jihatdan tavsiflangan. Eng muhim tomoni, bu tur dunyo faunasi uchun yangi tur sifatida qayd qilindi.
Biologiya fanlari doktori, professor Ikrom Abdullayevning ma’lumot berishicha, bu tur bo‘ri o‘rgimchaklar oilasiga(Lycosidae) mansub bo‘lib, Markaziy Osiyoning cho‘l ekotizimlariga xos bo‘lgan noyob biologik ob’ektlardan biri sifatida baholanadi. Tadqiqot nafaqat yangi turning morfologik xususiyatlarini ochib beradi, balki uning yashash muhiti, ekologik moslashuvi va evolyutsion shakllanishi haqida ham muhim ilmiy xulosalarni taqdim etadi. Shuningdek, bu tur zararkunanda hasharotlarning, shu jumladan termitlarning tabiatdagi miqdorini cheklab turishda muhim rol o‘ynaydi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Karakumosa ustyurtica turi Ustyurt platosining sharqiy qismida, Borsakelmas botig‘idan janubi-g‘arbda joylashgan hududda aniqlangan. Ushbu hudud o‘zining qattiq qurg‘oqchil iqlimi, doimiy suv manbalarining yo‘qligi va sho‘rga chidamli o‘simliklar bilan qoplangani bilan ajralib turadi. Bu yerda namlik asosan atmosfera yog‘inlari hisobidan shakllanadi, o‘simlik qoplami esa arid sharoitga moslashgan yarim buta va o‘t o‘simliklardan iborat bo‘lib, ular orasida sho‘ra yoki Biyurgun (Anabasis salsa), qora saksovul (Haloxylon aphyllum) va Kaspiy kalidiyasi yoki Ishqorli shohilak (Kalidium capsicum) ustunlik qiladi. Mazkur ekologik sharoit turning shakllanishida muhim rol o‘ynagan.
Xorazm Ma’mun akademiyasi tayanch (PhD) doktoranti Mardona Bektursunovaning ma’lumot berishicha, Karakumosa ustyurtica keng tarqalgan umumiy tur emas, balki tor ekologik ixtisoslashuvga ega organizm sifatida shakllangan.
U nam yoki o‘tloq hududlarda emas, balki aynan sho‘rxok, quruq va siyrak o‘simlikli cho‘l substratida yashashga moslashgan. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Karakumosaavlodiga mansub turlar asosan Turon cho‘l mintaqasiga xos bo‘lib, ular ko‘pincha endemik xarakterga ega. Bu esa Ustyurt platosining aridligi, sho‘rlanish darajasi, keskin kontinental iqlimi va tuproq yuzasining mikrorelefi turning evolyutsion shakllanishida hal qiluvchi omillar bo‘lganini ko‘rsatadi.
Iqlim o‘zgarishi masalasi ushbu turning kelajakdagi taqdirini baholashda alohida ahamiyat kasb etadi. Olimaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston va Ustyurt hududi allaqachon keskin qurg‘oqchil sharoit bilan ajralib turadi, yozda yuqori harorat, qishda esa juda past harorat kuzatiladi. So‘nggi yillarda chang-qum bo‘ronlari sonining ortishi, tuproq namligining kamayishi va umumiy iqlim stressining kuchayishi kuzatilmoqda. Qisqa muddatda cho‘llanishning kuchayishi ushbu turga mos hududlarning biroz kengayishiga olib kelishi mumkin, biroq uzoq muddatda vaziyat murakkabroq.
– Agar turning yashashi uchun zarur bo‘lgan o‘simlik qoplami, ya’ni sho‘ra, saksovul va kalidiya kabi asosiy fitotsenozlar buzilsa yoki o‘lja bazasi keskin kamayib ketsa, bu turning populyatsiyasi qisqarishi ehtimoli yuqori. Shu sababli ilmiy nuqtai nazardan qaralganda, fitotsenozlar va ozuqa zanjirining buzilishi, uning areali va sonining kamayishiga xavfi ustunroq ekanini asoslaydi, –deydi Mardona Bektursunova.
Karakumosa ustyurtica ning oziqlanish strategiyasi ham uning cho‘l sharoitiga moslashganini yaqqol ko‘rsatadi. TurLycosidae oilasiga mansub bo‘lib, bu oila vakillari boshqa o‘rgimchaklardan farqli ravishda to‘r qurib ov qilmaydi, balki faol yirtqich hisoblanadi. Ular yer yuzasida harakatlanib o‘lja qidiradi yoki in og‘zi yaqinida poylab turib tez hujum orqali o‘ljani tutadi. Ushbu turning trofik xususiyati cho‘l hududlarida uchraydigan mayda bo‘g‘imoyoqlilar — qo‘ng‘izlar, ikki qanotlilar, chigirtkasimonlar va boshqa mayda bo‘g‘imoyoqlilar bilan bog‘liq. O‘simliklar bu jarayonda bevosita oziq manbai emas, balki mikromuhit va o‘lja bazasini shakllantiruvchi manbaa sifatida xizmat qiladi. Masalan, sho‘ra va saksovul atrofidagi mikromuhitlar hasharotlar uchun yashash joyi yaratadi, o‘rgimchak esa oziq zanjirining yuqori pog‘onasida turib ularni ovlaydi.
Turning reproduktiv (ko‘payish, nasl berish) xususiyatlari Lycosidae oilasiga xos umumiy biologik belgilar bilan tavsiflanadi.
– Aniq kuzatuvlar hali yetarli darajada e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bo‘ri o‘rgimchaklarga xos muhim xususiyat - ona parvarishining yuqori darajada rivojlangani. Urg‘ochi o‘rgimchak tuxum qopchasini o‘z tanasiga biriktirib olib yuradi va tuxumdan chiqqan yosh o‘rgimchaklar bir muddat uning ustida yashaydi. Bu esa ko‘plab boshqa o‘rgimchak turlaridan farqli jihat bo‘lib, Karakumosa ustyurtica da tuxumlar ko‘pincha parvarish qilinadi. Shu sababli Karakumosa ustyurtica kuchli ona g‘amxo‘rligi bilan ajralib turuvchi tur sifatida baholanadi. Mazkur tadqiqot natijalari O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo hududida biologik xilma-xillikni o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega, – deydi professor Ikrom Abdullayev.
Karakumosa ustyurtica’ning aniqlanishi cho‘l ekotizimlarining hali to‘liq o‘rganilmaganini va bu hududlarda yangi turlarni aniqlash imkoniyati yuqoriligini ko‘rsatadi. Ushbu tur misolida ekstremal ekologik sharoitlar organizmlarning shakllanishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi, tor ixtisoslashgan turlar qanday paydo bo‘lishi va iqlim o‘zgarishi ularning kelajagiga qanday xavf tug‘dirishi yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois mazkur tadqiqot nafaqat taksonomik jihatdan, balki ekologiya, evolyutsiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlarida olib boriladigan kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun muhim nazariy va amaliy asos bo‘ladi.
M.Eshmirzayeva,
O‘zA