Qashqadaryoda qutqaruv xizmati uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga tezkor javob qaytarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida yangi qutqaruv qismlarining zamonaviy ma’muriy binolari barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Inshootlarda xizmat va o‘quv xonalari, yotoqxona, sport zallari, o‘quv minoralari tashkil etilgan hamda zamonaviy qutqaruv uskunalari bilan jihozlangan.
Yangi binolar qutqaruvchilar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish, ularning kasbiy mahoratini muntazam oshirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan Shahrisabz shahridagi Amir Temur xiyobonida o‘tkazilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Aziz Ikramov ishtirok etdi.
Tadbir doirasida vazir tomonidan Qashqadaryo viloyatining shahar va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limlariga yangi zamonaviy xizmat avtomobillari topshirildi.
Yangi texnika vositalari qutqaruv xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarning voqea joyiga tezkor yetib borishi, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda favqulodda vaziyatlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi xavfsizligini ta’minlash, qutqaruvchilar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish va zamonaviy texnika bilan ta’minlash borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Aholining favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Hayot faoliyati xavfsizligini o‘qitish markazi zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot jihozlari bilan ta’minlanib, foydalanishga topshirildi.
Markazda turli toifadagi aholiga favqulodda vaziyatlarda o‘zini tutish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Bunyodkorlik ishlari inson qadrini ulug‘lash va Vatan tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan insonlar xotirasini e’zozlashni ham qamrab olmoqda.
Xususan, Koson tumanida xizmat burchini bajarish chog‘ida insonlar hayotini saqlab qolish yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan marhum oddiy askar Eldor Omonturdiyevning oilasiga barcha qulayliklarga ega zamonaviy ikki xonali xonadon topshirildi.
Qashqadaryoda yangi qutqaruv qismlarining tashkil etilishi, xizmat avtomobillari bilan ta’minlanishi va aholi uchun o‘quv markazining ishga tushirilishi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, aholi hayoti va mol-mulkini ishonchli muhofaza qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Mazkur ishlar mustaqillikning 35 yilligi arafasida hududda xavfsizlik tizimini takomillashtirish va qutqaruv xizmatining salohiyatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlardan biridir.
[gallery-31190]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari