Professor Jeffri Saks: O‘zbekiston Yevrosiyoning muhim transport-logistika va iqtisodiy xabiga aylanish uchun tarixiy imkoniyatga ega
11-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimlari Umarbek Nuriddinov va Kayrat Ahmedov Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti maydonida Kolumbiya universiteti professori Jeffri Saks bilan o‘tkazilgan ekspertlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Jeffri Saks — zamonaviy iqtisodiyot va global rivojlanish sohasidagi eng taniqli mutaxassislardan biri, Kolumbiya universiteti Barqaror rivojlanish markazi direktori, BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i prezidenti, shuningdek, BMTning uch nafar Bosh kotibiga maxsus maslahatchi bo‘lib ishlagan.
Uning O‘zbekistonga tashrifi “The Marco Polo Drive of Peace, Culture and Sustainable Development” xalqaro tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus Rimdan Gonkonggacha tarixiy Buyuk ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab tashkil etilgan 43 kunlik ekspeditsiya bo‘lib, Yevrosiyo o‘zaro bog‘liqligi, barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan.
Professor ekspertlar oldidagi nutqida jahon iqtisodiyotidagi transformatsiya jarayonlari, Yevrosiyoning shakllanib borayotgan me’morchiligida Markaziy Osiyoning o‘rni hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan o‘z qarashlarini bayon etdi.
J.Saksning ta’kidlashicha, bugungi kunda jahon tub iqtisodiy o‘zgarishlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Xususan, jahon iqtisodiyotining markazi bosqichma-bosqich Yevrosiyo sari siljib, Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arbni bog‘lovchi makon sifatidagi tarixiy o‘rnini qayta tiklamoqda. Professorning qayd etishicha, bundan bir necha o‘n yillar avval jahon iqtisodiy markazi Atlantika mintaqasida joylashgan bo‘lsa, bugungi kunda u «O‘zbekistonga juda yaqin hududda» shakllanmoqda.
Uning fikricha, Osiyoning jadal rivojlanishi «zamonamizning eng muhim iqtisodiy jarayoni» bo‘lib, aynan ushbu omil savdo, investitsiyalar va transport o‘zaro bog‘liqligining yangi yo‘nalishlarini belgilab bermoqda.
Professorning ta’kidlashicha, mazkur sharoitda O‘zbekiston Yevrosiyoning yetakchi transport-logistika, investitsiya va turizm markazlaridan biriga aylanish uchun noyob tarixiy imkoniyatga ega. «Jahon iqtisodiyotining markazida bo‘lish – bu ulkan tarixiy missiyadir», — dedi u.
Professor mamlakatning tarixiy shaharlari unda alohida taassurot qoldirganini ham qayd etdi. U Xiva, Buxoro va Samarqandni «mutlaqo betakror va sehrli maskanlar» deb atab, aynan shu hududlarda asrlar davomida Yevrosiyoning noyob madaniy makoni shakllanganini ta’kidladi.
J.Saks O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini e’tirof etar ekan, mamlakatga nisbatan xalqaro biznes doiralarining qiziqishi tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Yevrosiyo transport yo‘laklari bo‘ylab faoliyat yuritishga manfaatdor xalqaro kompaniyalar uchun mintaqaviy shtab-kvartiralarni joylashtirish markaziga bosqichma-bosqich aylanib bormoqda. Buning tasdig‘i sifatida u Milliy investitsiya jamg‘armasiga investorlarning yuqori qiziqishini hamda aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayonida obuna hajmi taklif etilgan aksiyalar miqdoridan sezilarli darajada yuqori bo‘lganini qayd etdi.
Mamlakatning istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, professor Xitoyning Made in China 2025 dasturi tajribasiga o‘xshash tarzda uzoq muddatli «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» (Made in Uzbekistan) sanoat strategiyasini ilgari surishni taklif etdi.
Uning fikricha, mazkur strategiya kelgusi 10–15 yil davomida mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlay oladigan ustuvor tarmoqlarni belgilab berishi lozim.
Professor zamonaviy sanoat, logistika, moliyaviy xizmatlar, innovatsiyalar hamda elektromobillar ishlab chiqarishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etib, O‘zbekiston bugunning o‘zida Markaziy Osiyoning eng yirik sanoat markazi sifatida ushbu sohalarda yetakchilikni qo‘lga kiritish uchun barcha zarur salohiyat va shart-sharoitlarga ega ekanini ta’kidladi.
Uning baholashicha, bugungi kunda O‘rta koridor Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi eng muhim transport yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Infratuzilmani, jumladan, Kaspiy dengizi orqali ko‘prik qurish loyihasini amalga oshirish mazkur yo‘nalishni eng tezkor va samarali transport yo‘lagiga aylantirish imkonini beradi.
Professor SMTI ekspertlari bilan Markaziy Osiyoning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashar ekan, mintaqa davlatlarining o‘zaro sheriklikni mustahkamlash borasidagi yutuqlarini alohida e’tirof etdi.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo bosqichma-bosqich nafaqat siyosiy muloqot, balki umumiy institutlar va hamkorlik mexanizmlari asosida shakllanayotgan mustaqil mintaqaviy hamjamiyatga aylanib bormoqda.
«Mintaqa davlatlari faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmayapti. Ular mintaqaviy institutlar, tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etmoqda, umumiy mintaqaviy energetika strategiyalarini ishlab chiqmoqda hamda yagona mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirmoqda», — dedi professor.
J.Saks Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik, ko‘p vektorli tashqi siyosat hamda tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo geosiyosiy raqobat maydoniga aylanmasdan, o‘z taraqqiyot kun tartibini mustaqil ravishda shakllantirishi lozim.
Mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbus sifatida ekspert qo‘shma infratuzilma, energetika hamda ilmiy-texnologik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaning o‘z moliyaviy instituti vazifasini bajaradigan Markaziy Osiyo taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Shuningdek, iqtisodchi Markaziy Osiyoda transport o‘zaro bog‘liqligini yanada rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish, mintaqaning yagona energetika makonini shakllantirish hamda ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar yo‘nalishida sa’y-harakatlarni birlashtirish tarafdori ekanini bildirdi. Uning fikricha, mintaqaning besh davlati tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarga yo‘naltiriladigan qo‘shma investitsiyalar texnologik taraqqiyot sifati va ko‘lamini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Professor ustuvor yo‘nalishlardan yana biri sifatida Markaziy Osiyoning Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan qo‘shni mintaqalar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Bunda u barqaror diplomatiya va iqtisodiy integratsiyaning muhim asosi sifatida «mintaqa – mintaqa bilan» tamoyilining ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
So‘zining yakunida J.Saks mintaqaviy birlik, ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda Yevrosiyo o‘zaro bog‘liqligi imkoniyatlaridan samarali foydalanish uyg‘unligi Markaziy Osiyoga XXI asr jahon iqtisodiyotida yetakchi o‘rinlardan birini egallash imkonini berishini ta’kidladi.
O‘zA