Prezident e’tirof etgan Namangan tajribasi nimasi bilan ahamiyatli?
Mamlakatimiz yetakchisi qayd etganidek, afsuski, joylardagi o‘rganishlar yoshlar o‘rtasida muammolarni aniqlash va tizimli hal etish borasida haligacha ko‘plab kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Ayni shu muammoning yechimi sifatida Namangan viloyatida mazkur sohaga bevosita mas’ul hisoblangan Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan yangi tajriba yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar – millatning nafaqat buguni, balki ertasini belgilaydigan kuch. Shu bois yurtimizda navqiron avlodga bo‘lgan e’tibor yildan yilga chuqurlashib, yangi mazmun kasb etib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz. Bugun esa, bu yo‘nalishda sifat jihatidan yangi – ilmga tayangan yondashuv shakllanmoqda.
Davlatimiz rahbari har bir sohadagi muammoni ilmiy asosda hal etishni, yoshlar masalasida esa yetakchi olimlar tajribasiga tayanishni davr talabi sifatida oldinga surmoqda. Zero, dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash bo‘yicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan sharoitda barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tishi zarur.
Mamlakatimiz yetakchisi qayd etganidek, afsuski, joylardagi o‘rganishlar yoshlar o‘rtasida muammolarni aniqlash va tizimli hal etish borasida haligacha ko‘plab kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Ayni shu muammoning yechimi sifatida Namangan viloyatida mazkur sohaga bevosita mas’ul hisoblangan Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan yangi tajriba yo‘lga qo‘yildi. Shu yil 23-iyun kuni mamlakatimiz rahbarining Namanganga tashrifi chog‘ida yoshlar bilan ishlashning ushbu yangi tizimi bilan tanishdi va uni kelgusida yanada kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Namangan davlat universiteti qoshida “Yoshlar muammolarini o‘rganish va tahlil qilish markazi” ish boshladi. Buning uchun tajribali mutaxassislar – siyosatshunoslar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, psixolog va sotsiologlar jalb etildi. Markaz yoshlar muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif-tavsiyalar ishlab chiquvchi ilmiy-amaliy tuzilma sifatida faoliyat yuritadi.
Markazning vazifalari keng qamrovli bo‘lib, yoshlarga oid davlat siyosati ijrosini monitoring qilish, muammolarni joyiga borib aniqlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish, normativ hujjatlar va davlat dasturlari loyihalarini tayyorlashda qatnashish, yoshlar duch kelayotgan tahdidlar, jinoyatchilik va huquqbuzarlik sabablarini aniqlashga qaratilgan sotsiologik so‘rovlar o‘tkazishdan iborat.
Markaz tomonidan Uychi tumanidagi 53 mahallada tadqiqot o‘tkazilib, 1 ming 200 dan ortiq yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma, 500 nafardan ziyod yosh bilan og‘zaki intervyu olindi. Tumandagi 100 ob’ektning yoshlar manfaatiga xizmat qilish samaradorligi tahlil qilindi. Natijada, yuzdan ortiq dolzarb muammo aniqlanib, har biri bo‘yicha aniq yechim taklif etildi va ijroga yo‘naltirildi.
Bugun yoshlar bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu ma’noda, markazimiz amaliy takliflar ishlab chiqdi. Jumladan, Qumtepa, Fayzobod va Jiydakapa mahallalarida norasmiy band bo‘lgan 600 hunarmand yoshni kasbga o‘qitib, malakali mutaxassis sifatida tayyorlash va daromadini oshirish mumkinligi asoslandi.
Yana bir taklif tumanda norasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlar uchun barqaror daromadga ega bo‘lmagan, lekin norasmiy band yoshlar maqomini joriy etish bo‘ldi. Buning doirasida ularning mehnati soddalashtirilgan tartibda rasmiy hisobga olinadi va mehnat daftarchasi yuritiladi. Natijada, tumanda 500 dan ziyod yoshlarning rasmiy bandligi ta’minlanadi, norasmiy bandlik ulushi kamayadi, ularning mehnat staji shakllanib, ijtimoiy himoya qamrovi kengayadi, yashirin iqtisodiyot esa torayadi.
Tadqiqot jarayonida Uychi tumanida iqtidorli va iste’dodli yoshlar ko‘pligi, ammo ularni o‘sib kelayotgan avlodga namuna sifatida ko‘rsatish mexanizmi yo‘qligi aniqlandi. Shu bois har bir mahallada turli sohada yutuqqa erishgan o‘g‘il-qizlardan qahramonni aniqlash va targ‘ib qilish tizimi taklif etildi. Pirovardida, mahallalarda 150 nafardan ortiq yangi iste’dod va lider tarkibi shakllandi. Bu yoshlar o‘rtasida ijobiy namuna muhitini, turtkini, sog‘lom raqobat va o‘z ustida ishlash ruhini kuchaytirmoqda, salbiy ta’sirlarni esa kamaytirmoqda.

Bundan tashqari, mahallalardagi bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan binolarni davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanishga berish, yoshlarning sport turlariga bo‘lgan qiziqishidan kelib chiqib, seleksioner-murabbiylarni manzilli biriktirish, sport inshooti yo‘q mahallalarda yoshlar uchun zarur infratuzilmani hozirlash, yoshlarning kasbiy kompetentligi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida umumta’lim maktablarida kasbga yo‘naltirish tizimini kengaytirish kabi amaliy takliflar ishlab chiqdik.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish alohida e’tibor talab etadigan masala. Zero, aslida bitta bo‘lsa ham jinoyat bo‘lgani hammamizni tashvishga solishi kerak. Ushbu yo‘nalishda sayyor sudlar amaliyotini kengaytirish, xulq-atvorida salbiy o‘zgarish kuzatilayotgan yoshlar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish va ularning jazoni ijro etish muassasalariga sayyor tashriflarini tashkil etish, Namangan viloyati musiqali va drama teatrining sayyor spektakllarini mahalla va ta’lim muassasalarida namoyish etish orqali yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yot g‘oyalardan asrash takliflari ilgari surildi.
Ta’kidlash joizki, “Yoshlar kuni” munosabati bilan Prezidentimiz yosh avlod vakillari bilan muloqotida muhim fikrni alohida qayd etdi: “Bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta eng muhim ustunga tayanadi. Bu – bilim, kasb va texnologiya!”.
Demak, Davlat xavfsizligi xizmati Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tatbiq etilayotgan bu tajriba ayni shu formulaning amalda qanday ishlashini ko‘rsatib turibdi: yoshlar muammosiga ilmiy nigoh, aniq raqam va amaliy yechim. Bu nafaqat bir tuman yoki viloyat, balki butun mamlakat miqyosida tatbiq etishga arziydigan tajriba.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti qoshidagi
“Yoshlar muammolarini o‘rganish va tahlil qilish markazi” rahbari,
siyosiy fanlar doktori, professor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA