Buxoroning boy merosi Indoneziya delegatsiyasini maftun etdi
Mamlakatimiz va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadamlar davom etmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar doirasida mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Indoneziya Respublikasi Xalq maslahat kengashi Raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoro shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni “Buxoro” temiryo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov hamda mutasaddi rahbarlar kutib oldi.
Delegatsiya dastlab yurtimizning muqaddas qadamjolaridan biri – Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qildi.
Mehmonlarga Prezidentimiz tashabbusi bilan majmua hududida amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va restavratsiya ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, Toqi miyona darvozasiga olib boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlangani, uning atrofi obodonlashtirilgani, zamonaviy muzey va tahoratxona barpo etilgani, shuningdek, Mang‘itlar sulolasi vakili Doniyolbiy qurdirgan madrasa to‘liq ta’mirlangani ta’kidlandi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari viloyat hokimi Botir Zaripov hamrohligida Buxoroning mashhur tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishdi. Sayohat Poyi Kalon majmuasidan boshlanib, qadimiy toqlar, milliy hunarmandchilik rastalari va Labi Hovuz ansambli bo‘ylab davom etdi.
Ayniqsa, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik va pichoqchilik kabi asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy hunarmandchilik ustaxonalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular ustalarning mahorati va ijodiy mehnati bilan yaqindan tanishib, Buxoro hunarmandchiligi an’analariga yuksak baho berdi.
[gallery-30190]
Delegatsiya vakillariga shahardagi tarixiy obidalarning boy tarixi, ularni asrab-avaylash va qayta tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda Buxoro nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo sayyohlari intiladigan yirik turizm markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Tashrif yakunida Ahmad Muzani Buxorodagi madaniy meros ob’ektlari o‘zining asl qiyofasida saqlanayotganini alohida e’tirof etdi. U Buxoro insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan tarixiy shahar ekanini, uning boy madaniyati, mehnatsevar va mehmondo‘st xalqi har bir mehmonda chuqur taassurot qoldirishini ta’kidladi. Shu bilan birga, turizm va investitsiya sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun Buxoroda barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, madaniy diplomatiyani rivojlantirish hamda Buxoroning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni va nufuzini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari