O‘zbekistonlik kurash mutaxassisi Eron ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
Eron Islom Respublikasi Sport vazirligi o‘zbekistonlik sport mutaxassisi kurash bo‘yicha Eron ayollar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganini e’lon qildi.
Mazkur qaror Xalqaro kurash assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari va Eron sport vazirligi o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida qabul qilindi.
Kelishuvga muvofiq, o‘zbekistonlik murabbiy Umida Matyoqubova Eron ayollar terma jamoasini 2026-yilgi yozgi Osiyo o‘yinlari yakuniga qadar boshqaradi.

Shu munosabat bilan Tehronda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eron sport vaziri o‘rinbosari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekistondan malakali murabbiy jalb etilganini katta mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA