O‘zbekistonda Xaridlar akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimini yanada shaffof, samarali va raqobatbardosh qilish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Poytaxtimizda Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi Kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi Kengashining asosiy vazifasi davlat xaridlari ishtirokchilari va davlat organlari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali qayta aloqa mexanizmini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Shuningdek, Kengash yetkazib beruvchilar va buyurtmachilar duch kelayotgan amaliy muammolarni o‘rganish, murojaatlarni tahlil qilish, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini baholash hamda sohani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Tadbirda davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda biznes vakillari, buyurtmachilar, yetkazib beruvchilar, ekspertlar va bozorning boshqa ishtirokchilari fikr-mulohazalari inobatga olinishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi raisi Anvar Muhiddinov O‘zbekistonda ilk bor Xaridlar akademiyasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

– O‘zbekistonda ilk bor Xaridlar akademiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdik. Bugun davlat xaridlari tizimida 300 mingdan ortiq ishtirokchi faoliyat yuritmoqda. Biroq, ular uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv platformasi mavjud emas. Akademiya aynan shu ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi, – deydi Anvar Muhiddinov. – Ushbu akademiyada yetkazib beruvchilar, buyurtmachilar, davlat idoralari xodimlari, komplayens va xavfsizlik xizmati mutaxassislari, korporativ tashkilotlar va davlat xaridlari bilan shug‘ullanuvchi boshqa ishtirokchilar uchun zamonaviy o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu tashabbus soha ishtirokchilarining malakasini oshirish, qonunbuzilishlar va texnik xatolarni kamaytirish, tender hujjatlari sifatini yaxshilash hamda davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, dunyoning qator davlatlarida davlat xaridlari sohasi uchun maxsus akademiyalar, institutlar va o‘quv markazlari samarali faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda esa davlat xaridlari tizimida 300 mingdan ortiq ishtirokchi mavjud bo‘lishiga qaramay, bu yo‘nalishda ixtisoslashgan ta’lim muassasasi hali tashkil etilmagan.

Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi barcha yetkazib beruvchilar, buyurtmachilar, tadbirkorlar, ekspertlar va tashkilotlar vakillarini o‘z taklif va murojaatlarini dxiu.uz sayti orqali yuborishga chaqirdi.
Tadbir so‘ngida Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi davlat xaridlari tizimida ishtirok etayotgan barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq muloqotni muntazam davom ettirishi ma’lum qilindi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA