Somonpoyalarni yoqqan huquqbuzarga qo‘llanilayotgan jazo yengil emasmi?
Surxondaryo viloyatida bu yil don mo‘l bo‘ldi. Bilmadim, tashabbus viloyat hokimidan chiqdimi yoki fermerlarning o‘zi saxovat ko‘rsatgisi keldimi, ishqilib, tumanlarda ijtimoiy reyestrga kiritilgan ko‘plab oilalarga bepul bug‘doy ham tarqatildi.
Bu xushxabarlarni eshitib, qalbida ajdodlarimizga xos saxovat uyg‘ongan fermerlar endi g‘alladan bo‘shagan maydonlarning somonpoyasini yoqmasdan shudgorlasa kerak, g‘alla maydonlari va tevarak-atrofga zarar yetkazmasa kerak, degan o‘y ko‘nglimdan kechgan edi. Biroq, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘y ko‘rsatgan xabar vohada hali ham ayrim fermerlarning yerga munosabati o‘zgarmaganini namoyish etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda sizdirilgan xabar asosida viloyat ekopolitsiyasi Jarqo‘rg‘on tumanidagi hamkasblari bilan tezkor o‘rganish olib borib, somonpoya qoldiqlarini beshafqatlarcha yoqib, ekin maydoni va tevarak-atrofga zarar yetkazgan shaxsni aniqladi.
Mehnatobod mahallasi hududidagi xususiy korxonalardan biriga tegishli g‘alla o‘rimidan bo‘shagan 1,4 gektar maydondagi somonpoya qoldiqlarini shu mahallada yashovchi Kamol Zaripov (ism-sharif o‘zgartirildi) yoqib yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazgan zarari uchun 2 million 455 ming 260 so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.
Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ekopolitsiya xodimlari o‘tkazgan navbatdagi nazorat tadbirida yana Jarqo‘rg‘on tumanida somonpoyalarni yoqib yuborish bilan bog‘liq holatga duch keldi. Tumanning Ismoiltepa mahallasi hududidagi g‘alla maydonida yuz bergan qaltis harakat yuzasidan ham tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rildi.

G‘alla maydonlarida somonpoyalarni yoqqan huquqbuzarlar qonun doirasida javobgarlikka tortilmoqda. Lekin, yong‘in oqibatida tarkibi o‘zgargan yer maydonlari kelgusi yil yana mo‘l hosil berarmikan? Mutaxassislarning aytishicha, somonpoyani yoqish yerning biologik, fizik va kimyoviy tarkibini keskin yomonlashtiradi. Tuproq unumdorligini pasaytirib, suv va havo o‘tkazuvchanligini buzadi, foydali mikroorganizmlarni nobud qiladi. Demak, rizqi-ro‘zimiz manbai bo‘lgan g‘alla maydonlarida yuz beradigan bu holatning oldini olish uchun milliy qonunchiligimizga o‘zgartish kiritib, jazo choralarini kuchaytirish vaqti kelmadimikan?
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri