O‘zbekistonda "U10 - O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari" dasturi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimi "5T-ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish" tamoyili asosida rivojlantiriladi, shuningdek, yuqori salohiyatli oliy ta’lim tashkilotlari xalqaro miqyosida raqobatbardosh va iqtidorli yoshlar uchun ilmiy-intellektual markazlarga aylantiriladi.
Farmonga ko‘ra, "U10 - O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari" dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy ta’lim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga beriladi.
Ilmiy klaster loyihasi milliy tadqiqot universiteti - mahalliy oliy ta’lim tashkilotlari - nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkiloti - ilmiy tashkilot-soha tashkilotlari ishtirokidagi yaxlit tizim hisoblanadi.
Ilmiy klaster loyihasi Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadigan ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida amalga oshiriladi hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtiriladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomini olishga talabgor oliy ta’lim tashkiloti ilmiy klaster loyihasida birgalikda ishtirok etuvchi hamkor tashkilotlarini mustaqil ravishda shakllantiradi.
Ilmiy klaster loyihasi bo‘yicha tanlov ishtirokchilari quyidagi yo‘nalishlarda baholanadi:
ilmiy klaster loyihasiga jalb etilgan professor-o‘qituvchi va tadqiqotchi olimlarning salohiyati;
mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining mos ravishda oliy ta’lim tashkilotlari milliy va xalqaro miqyosda tan olingan reytinglaridagi o‘rni;
oliy ta’lim (ilmiy) tashkilotlarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika infratuzilmasi;
ishtirokchi tashkilotlarning ilmiy klaster loyihasini birgalikda moliyalashtirishdagi ulushi.
Ilmiy klaster loyihasi bo‘yicha tanlov ta’lim sohasida nufuzli hisoblangan xorijiy tashkilot va (yoki) xalqaro miqyosda tan olingan reytinglarda eng yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti bilan birgalikda o‘tkaziladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy reyting oliy ta’lim tashkilotlari talabalari soni ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha toifa guruhlariga ajratilgan holda yuritiladi.
Milliy reyting doirasida oliy ta’lim tashkilotlari akademik, ilmiy va xalqaro faoliyati, raqamlashtirish darajasi va bitiruvchilar bandligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanadi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy ta’lim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
Milliy reytingni yuritish tartibi hamda baholash yo‘nalishlarining mezonlari va indikatorlari Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan belgilanadi.
O‘zA