O‘zbekistonda tarmoqsimon polietilen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatimizda ilk bor tarmoqsimon polietilen xomashyosini ishlab chiqarish loyihasiga oid yakuniy kelishuv imzolangan.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, “NASAF XCP TECHNO” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, loyihaga rasman start berildi.
Mazkur korxona Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo “Techno Cable Group” kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.
Loyiha O‘zbekistonda ilgari ishlab chiqarilmagan mahsulotni mahalliylashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ichki bozorning yillik 25-30 ming tonnalik ehtiyoji mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplanishiga xizmat qiladi.
8 million AQSH dollari qiymatidagi mazkur loyiha import hajmini yiliga 30 million AQSH dollariga kamaytirib, 65 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga va ichki sanoat tarmog‘ining mustahkamlanishiga keng imkoniyat yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida, tarmoqsimon polietilen (PE-X) oddiy polietilenga nisbatan mustahkamligi, elastikligi va yuqori haroratga chidamliligi bilan ajralib turadi. U suv va gaz quvurlari, isitish tizimlari hamda elektr izolyatsiyasi sohalarida keng qo‘llaniladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA