O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi faoliyati hisobiga oid ilk milliy standart ishlab chiqildi
Qishloq xo‘jaligi sohasida moliyaviy hisobot tizimini takomillashtirishga qaratilgan mazkur milliy standart Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlandi. Hujjat buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarni shakllantirishning yagona yondashuvlarini belgilashga qaratilgan.
“Qishloq xo‘jaligi faoliyati hisobi” Moliyaviy hisobotning milliy standarti (MHMS) biologik aktivlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, hosildor o‘simliklar hamda ularni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda aks ettirish tartiblarini belgilaydi.
Standart 41-sonli xalqaro moliyaviy hisobot standarti tamoyillari asosida hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. Unda fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar, paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va pillachilik kabi yo‘nalishlarning amaliy jihatlari hisobga olingan.
Mazkur hujjat O‘zbekiston tarixida qishloq xo‘jaligi faoliyati hisobini yuritishga bag‘ishlangan birinchi alohida milliy standart hisoblanadi. U qishloq xo‘jaligi sohasida moliyaviy ma’lumotlarning ishonchliligi va taqqoslanuvchanligini ta’minlash, hisob yuritish jarayonlarini soddalashtirish hamda sohaga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari, mutaxassislar va keng jamoatchilikning taklif hamda mulohazalari qabul qilinmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA