Obod va xavfsiz mahallalar soni ortmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda mahalla instituti davlat siyosatining va iqtisodiy islohotlarning bosh tayanchiga aylandi. 2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi tizimda boshqaruv, moliya va infratuzilma yo‘nalishlarida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.
Xususan, «mahalla yettiligi» faoliyatining takomillashtirilishi, hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy vakolatlarning berilishi hamda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan mablag‘lar har bir go‘shada tub o‘zgarishlarni boshlab yubordi.
Jumladan, poytaxtimizdagi Al-Xorazmiy va Ko‘tarma mahallalarida hayot sifati yaxshilandi.
“Obod mahalla” dasturi doirasida Chilonzor tumanining Al-Xorazmiy va Ko‘tarma mahallalarida turar joylar, yo‘l infratuzilmasi, yashil hududlar hamda aholi dam olishi uchun mo‘ljallangan maskanlar yangilandi.
Al Xorazmiy mahallasida 7 ta ko‘p qavatli uyning 17 ming 500 kvadrat metr fasad qismi ta’mirlandi. 7 250 kvadrat metr maydonda sug‘orish tarmoqlari o‘rnatilib, 1 ta quduq qazildi va shuncha maydonda yashil hudud barpo etildi.

Mahallada 8 000 kvadrat metr ichki yo‘l, 1 268 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi va 650 kvadrat metr veloyo‘lak qurildi. Aholining sport bilan shug‘ullanishi va mazmunli hordiq chiqarishi uchun 2 ta stadion, 4 ta sport maydonchasi, 4 ta bolalar maydonchasi, 1 ta xiyobon, 7 ta dam olish ayvonchasi, 1 ta amfiteatr hamda 1 ta nuroniylar maskani tashkil etildi.
Shuningdek, irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlanib, beton bordyur o‘rnatildi va 100 metr bordyur yangilandi.
Ko‘tarma mahallasida esa 5 ta ko‘p qavatli uyning 14 ming 300 kvadrat metr fasad qismi ta’mirlandi. 5 000 kvadrat metr maydonda sug‘orish tarmoqlari o‘rnatilib, yashil hudud yaratildi.
Hududda 6 560 kvadrat metr ichki yo‘l, 950 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi va 300 kvadrat metr veloyo‘lak qurildi. Bundan tashqari, 1 ta stadion, 1 ta sport maydonchasi, 1 ta bolalar maydonchasi, 1 ta xiyobon, 2 ta dam olish ayvonchasi hamda 1 ta amfiteatr barpo etildi.
Muhandislik infratuzilmasini yaxshilash doirasida 200 pogon metr irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlandi, 330 pogon metr beton bordyur o‘rnatildi va 80 metr bordyur yangilandi.
Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida mahallalarning qiyofasi yangilanib, aholi uchun qulay, obod va zamonaviy yashash muhiti yaratildi.
Mahalla obodonligi — bu hududlarni toza saqlash, ko‘kalamzorlashtirish va infratuzilmani yaxshilash. Bu ishlar aholi faolligi va davlat ko‘magida amalga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, “Obod mahalla” dasturi doirasida Chilonzor tumanining Oqtepa va Bog‘zor mahallalarida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Hududlarda 23 ming 100 kvadrat metr sug‘orish tarmoqlari barpo etilib, 3 ta quduq qazildi hamda 23 ming 100 kvadrat metr yashil hudud yaratildi. Ko‘p qavatli uylarning 2 250 kvadrat metr tom qismi ta’mirlandi. Shuningdek, 33 ta uyning jami 82 ming 800 kvadrat metr fasad qismi yangilandi.
Yo‘l va piyodalar yo‘lagi infratuzilmasini yaxshilash doirasida 22 400 kvadrat metr ichki yo‘l qurildi, 7 220 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi hamda 2 950 kvadrat metr veloyo‘lak barpo etildi.

Aholining mazmunli hordiq chiqarishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun 2 ta stadion, 8 ta sport maydonchasi va 8 ta bolalar maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, 1 ta xiyobon, 7 ta dam olish ayvonchasi, 1 ta amfiteatr hamda 1 ta nuroniylar maskani tashkil etildi.
–So‘nggi yillarda mahallamizda juda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi, –dedi mahalla faoli Iroda Sharipova. –”Yashil makon” loyihasi doirasida ham 1000 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Avvallari mahallamizda bolalar maydonchalari, futbol, voleybol va basketbol maydonlari bo‘lmagan. Olib borilgan obodonlashtirish ishlaridan so‘ng bolajonlarimiz uchun ushbu ko‘ngilochar maydonlar barpo etildi. Albatta, bundan mahalla ahli xursand. Ayniqsa, hududlarimizda o‘rnatilgan zamonaviy kameralar ko‘nglimizga yanada xotirjamlik bag‘ishladi. Ishonamanki, respublikamizning har bir go‘shasiga ushbu islohotlar baravar kirib bormoqda. Buning uchun davlatimiz rahbaridan chin dildan minnatdormiz.

Muhandislik tarmoqlarini tiklash doirasida 1 260 p/m irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlandi, 4 830 p/m beton bordyur o‘rnatildi hamda 1 100 metr bordyur yangilandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida mahallalarda aholi uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash muhiti yaratildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA