O‘zbekistonda mehribonlik uylari tugatilishi mumkin
Mutasaddilar shunday taxmin qilmoqda; Olti bolali onaning orzusi yana farzand asrab olish; Bola olish uchun 5 mingdan ziyod fuqaro navbat kutmoqda; “Chaqaloq savdosi”ning asl sababi; Navoiy va Namangan shaharlaridagi Mehribonlik uylarida bola qolmadi...
O‘n ikki yil farzand ko‘rmagan ayol ona bo‘lishga shunchalik mushtoq bo‘ldiki, bu istak uni bolalar uyiga yetakladi.
Mehribonlik uyiga borgach esa unda o‘sha yerda qolish istagi paydo bo‘ldi. Taqdirning tuhfasini qarangki, mehrga tashna bolalarni o‘z bolasidek suyib-erkalagan ayolning o‘zi ham ona bo‘ldi!
1982 yilda tug‘ilgan Umida Turdaliyeva pedagogika universitetini tamomlagan. Bolalarga tarbiyachi bo‘lish uchun esa u maktabgacha ta’lim yo‘nalishida ham sirtdan tahsil oldi. Toshkent shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyida faoliyat yuritib, o‘nlab bolalarga onalik mehrini berdi.
Garchi o‘zi ham farzandlik bo‘lgan bo‘lsa ham bola asrab olish istagi uni baribir tark etmadi. Oiaviy bolalar uyi tashkil etilishi esa Umida uchun ayni muddao bo‘ldi.
Joriy yil avgust oyida ota-onasiga tegishli besh xonali xonadonda Umida Oilaviy bolalar uyi ochdi. Bugun uning Salima, Komila, Sabrina, Dimitriy, Saveli va Ibrohim ismli farzandlari bor.

Aytilgan manzil bo‘yicha yetib borib transportdan tushayotsam, ko‘rinishidan rus millatiga mansubligi aniq bo‘lgan bir bolakayning o‘zbekcha lutfidan biroz hayratlandim. U meni kutib olish uchun yo‘lga chiqib turgan Dima ekan. Uning kulib turgan ko‘zlariga qarab ko‘nglim yorishdi.
Katta yo‘l bo‘yidagi besh qavatli uylardan birining birinchi qavatida joylashgan xonadonga kirib borar ekanman, meni katta mehr qarshi olayotganini his etdim.
Umidaxon, uning nuroniy ota-onasi va bolalarning tabassumli chehralari bu xonadonni nafaqat yoritib, balki isitib turgandek tuyuldi menga.
Umidaning ota-onasi - Komil aka, Ozoda opa hamda bolalar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirar ekanmiz, ularning bir-biri bilan iliq munosabati havasimni keltirdi.
Aslida bolajonlik, bag‘rikenglik Umidaga ota-onasidan o‘tgan ekan, deb o‘yladim. Chunki ular ham bolalarga juda ham mehribonligi sezilib turibdi. Bolalar hali voyaga yetmagan bo‘lsa ham ularning qanday kasb tanlashi, qaysi yo‘nalishda o‘qishi yoki hunar egallashi haqida birga qayg‘urishar ekan.
Yanada e’tiborlisi, Umidaning barcha qarindosh-urug‘lari bolalarga doim e’tibor qaratmoqda. Navbatlashib tez-tez mehmonga chaqirishadi, kelib xabar olishni ham kanda qilishmaydi.
Achchiq qismat tufayli ota-onasidan ayrilgan, qarindoshlarini tanimaydigan bu bolakaylarning endi nafaqat ota-onasi, balki tog‘asi, xolasi, ammasi, amakisi va mehribon qo‘shnilari bor. Ularning barchasi Umida boshlagan katta savob ishga hissa qo‘shish, unga tayanch bo‘lishga intilmoqda.
Umidaning aytishicha, bolalarga eng mehribon kishi – bu uning turmush o‘rtog‘i Murod Hasanov. Ichki ishlar tizimida ishlaydigan, ko‘p vaqti ishxonasida o‘tadigan Murodjon uyga kelganda bayram boshlanib ketar ekan.
Bolalar bu xonadonga kelganiga uch oyga yaqin vaqt o‘tdi. Ammo orada tushunmovchiliklar deyarli bo‘lmadi. Ularning o‘zaro munosabatlarida ham begonalik sezilmaydi.
Oilaviy bolalar uylari tashkil etilishidan kutilgan asl natija ham shu edi!
Bolalar chinakam oilaviy rishtalar og‘ushida yashab, ishonch bilan oyoqqa turishi, bu yo‘lda yaqinlariga suyanib, bag‘ri butun yashashiga ne yetsin?!
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bu qanday tizim o‘zi?
Bu shunday tizimki, bolaning ustini butlab, qornini to‘ydirish va o‘qitish bilan cheklanish emas, balki tom ma’noda uning boshini mehr bilan silash, ya’ni chinakam mehribon ota-ona qo‘llarini o‘z ichiga oladigan Oilaviy bolalar uylaridir.
Oilaviy bolalar uyini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar davlatimiz rahbarining joriy yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida boshlandi.
Davlat dasturida farzandlikka olish amaliyotini o‘rganish va bu bo‘yicha huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Vazifani bajarishda farzandlikka olish tizimini tanqidiy tahlil qilish va amaliyotdagi muammolarni o‘rganish, farzandlikka olish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va tizimlashtirish, “Bola sotish” holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolarning o‘zaro kelishuvi asosida farzandlikka olish bo‘yicha ochiq huquqiy asoslarni yaratish choralarini ko‘rish topshirildi.
Davlat dasturida belgilangan ushbu vazifalar ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil davomida izchil ishlar amalga oshirildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati yalpi majlislarida doimiy axborot berib borildi, o‘z navbatida, senatorlar ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi. Zarur qonun hujjatlari qabul qilindi.
Mehribonlik uylariga Milliy gvardiya asosiy homiy etib belgilangani esa ushbu sohada tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev rahbarligida Mehribonlik uylarida chuqur o‘rganishlar o‘tkazilganda turli xato va kamchiliklar aniqlangan. Bolani farzandlikka berish bo‘yicha byurokratik to‘siqlar ko‘pligi ma’lum bo‘lgan. Barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.
Vazirlar Mahkamasi axborotiga ko‘ra, mamlakatimizda 16 Mehribonlik uyi, to‘rtta Bolalar shaharchasi va uchta SOS bolalar mahallasi faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil avgust oyida ularda tarbiyalanuvchilar soni 1 ming 990 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1 ming 425 nafarni tashkil etmoqda.
583 nafar bola mazkur muassasalardan chiqarilgan bo‘lsa, ularning 40 foizi Oilaviy bolalar uylariga berilgan. Ularni 88 nafar shaxs yoki oila asrab olgan. Qolganlari bolalarning yaqinlariga qaytarilgan.
Bunday xayrli ishlar natijasida Navoiy va Namangan shaharlaridagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchilar qolmagan.
Milliy gvardiya ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda kichik yoshdagi bolalar tarbiyalanadigan Bolalar uylarida 500 dan ziyod bola bor. Bola asrab olish maqsadida navbatda turganlar soni esa 5 mingdan ortiq!
Bolalarni farzandlikka berish yoki Oilaviy bolalar uyi tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ezgu ishlar ko‘payganidan keyin aynan shu maqsadda murojaat qiluvchilar soni keskin oshgan. Milliy gvardiya tomonidan ushbu yo‘nalishda koll-markaz ishga tushirilgan. Bu markazga har kuni 50 dan ziyod murojaat tushmoqda.
Bunday xayrli ishlar ajdodlarimizdan qolgan yetimning boshini silashdek ezgu qadriyat davom etayotganini ko‘rsatadi. Zero, bolani podsho, deya e’zozlash, yetimning boshini silash yaralmishimizdan qonimizda bor. Urush yillari qo‘sha-qo‘sha yetimlarni bag‘riga olgan xalqimiz qahramonligi esa tarix sahifasiga zarhal harflar bilan bitilgan.
Ammo bugun o‘z farzandini moddiy manfaat evaziga sotib yuboradigan odamlar ham uchramoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, 2017-2021 yillarda bola savdosi bilan bog‘liq 206 holat aniqlangan.

Albatta, bola sotishni oqlab bo‘lmaydi. Biroq bunga sharoit yaratgan omillardan ko‘z yuma olmaymiz. Buning asosiy sabablaridan biri O‘zbekistonda bola asrab olishning murakkabligi bo‘lib kelgan.
Aslida, jahondagi boshqa davlatlar amaliyotida bolani farzandlikka berish keng qo‘llaniladi. Agar ular xohlasa, hatto xorijdan ham bola asrab olishi mumkin. Chunki turli sabablar bilan farzand ko‘rmagan yoki bolalarni yaxshi ko‘rganidan bolasi bo‘lsa ham oilasiga yangi farzandni qabul qilayotganlar haqida ko‘p eshitganmiz.
Haqiqatdan ham, bola turli sabablarga ko‘ra yetim yoki qarovsiz qolsa, u Mehribonlik uyiga topshirilganidan ko‘ra, kimgadir farzand qilib berilsa, uning keyingi hayoti yana izga tushadi. Oialaviy rishtalar tufayli u hayot yo‘llarida kamroq qoqiladi.
Mehibonlik uylari esa istaymizmi-yo‘qmi, katta bir muassasa, qanchalik yaxshi sharoit bo‘lsa ham, bolaga qanchalik e’tibor berilsa ham, bu maskan baribir oila bo‘la olmaydi. Axir bolalarning o‘sha muassasa derazasidan ko‘chaga mo‘ltirab qarab, ota-onasini kutib yashashi hech kimga sir emas.
Qolaversa, bunday muassasalardan chiqayotgan voyaga yetgan shaxslarning jamiyatga qo‘shilishida doim muammo bo‘lgan. Milliy gvardiya xodimlari keyingi 11 yil davomida Mehribonlik uylarida tarbiya topgan 19-30 yosh oralig‘idagi shaxslar hayotini o‘rganib, tahlildan o‘tkazganda ma’lum bo‘lishicha, shu yillarda 3 ming 637 nafar tarbiyalanuvchi mustaqil hayotga qadam qo‘ygan. Lekin ularning 2,5 mingdan ortig‘i turmush qurmagan, 1 ming 473 nafari ishsiz, 347 nafari chet elga chiqib ketgan, 22 nafari vafot etgan hamda 43 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu ularning mustaqil hayotga qadam qo‘ygach yolg‘izlanib qolayotgani, ijtimoiy adaptatsiya jarayoni og‘ir kechayotganini ko‘rsatib turibdi.
Oilaviy bolalar uyi amaliyotining keng joriy etilayotgani esa ana shu muammolar barham topishiga zamin yaratadi.
Mutasaddilarning taxmin qilishicha, ishlar shu tarzda davom etsa, kelgusida O‘zbekistonda Mehribonlik uylari tugatiladi.
Darvoqe, qahramonimiz Umida Turdaliyeva sharoitim yaxshiroq bo‘lganida yana beshta bola asrab olgan bo‘lar edim, degan fikrni bildirdi. Chunki Mehribonlik uyidagi bolalar bilan ko‘rishib qolsa, ular orasida “meni ham olib keting” deydiganlari ko‘p ekan...
Bu mehribon Onaning orzulari ushalsin! Yana bir nechta ko‘ngli kemtik bolajonning bag‘ri butun bo‘lsin!
Yaqindagina davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bu onaga kelgusida qahramonlik nishoni berilsa ajab emas. Chunki odamlar o‘z bolasini boqishga og‘rinayotgan yoki tashlab ketayotgan holatlar uchrayotgan zamonda bunchalik bag‘rikeng va daryodil bo‘lish, shuncha bolaning boshini silashning o‘zi katta qahramonlikdir!
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA