“O‘zbekgidroenergo” va “China Huaneng Group” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda energetika sohasini diversifikatsiya qilish, ayniqsa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu yo‘nalishda gidroenergetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uning quvvatlarini kengaytirish strategik ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash esa sohaga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or muhandislik yechimlarini jalb etish imkonini bermoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham aynan ana shu yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoyning yirik energetika korporatsiyalaridan biri - “China Huaneng Group” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Ahmadjonov ushbu hamkorlikning mazmun-mohiyati va strategik ahamiyati haqida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi.

– Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida belgilangan yirik gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish, sohani rivojlantirishni jadallashtirish hamda amaliy vazifalarni samarali bajarishdan iborat. Shu orqali biz mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro tajribani keng joriy etishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, bu hamkorlik nafaqat yirik loyihalarni amalga oshirish, balki sohaga ilg‘or boshqaruv tajribasi, innovatsion yondashuvlar va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish imkonini ham yaratadi, – dedi u.
Xitoy tomoni vakillari ham O‘zbekistonda energetika sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, mamlakatning gidroenergetika yo‘nalishidagi istiqbollariga katta qiziqish bildirdi. Ular ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida yirik gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy muhandislik yechimlarini joriy etish va xalqaro standartlar asosida soha infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Aytish joizki, ushbu memorandum O‘zbekiston gidroenergetika sohasining barqaror rivojlanishi, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yangi strategik bosqichga olib chiqishga keng yo‘l ochadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA