O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi yosh parlamentariylarining birinchi forumi o‘tkazildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yoshlar — umumiy taraqqiyot va tinchlik sari!” shiori ostida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi yosh parlamentariylarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat parlamentlari vakillari, yosh deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Andre Algermissen kirish so‘zi bilan ochar ekan, bugungi globallashuv davrida yoshlar, shu jumladan yosh parlamentariylarning o‘rni va mas’uliyati ortib borayotganini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, mazkur forum parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, parlament diplomatiyasini mustahkamlash hamda yosh parlamentariylar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Forumda O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik hamkorlik rivojlanib borayotgani e’tirof etilib, yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, bu jarayonda yoshlar ishtirokini kengaytirish, innovatsiya, ta’lim, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda parlament diplomatiyasining o‘rnini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Forum davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rag‘asi huzuridagi Yoshlar kengashi o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi. Bundan maqsad yosh parlamentariylar o‘rtasida doimiy muloqot maydonini shakllantirish, qonunchilik tashabbuslari yuzasidan tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
— Yosh parlamentariylarning birinchi forumi O‘zbekiston va Qirg‘iziston yoshlari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochmoqda, desak yanglishmaymiz, — deydi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov. — Bu ikki davlat rahbarlari yaratgan do‘stlik va ishonch muhitini yoshlar darajasida davom ettirish, parlament diplomatiyasini yangi mazmun bilan boyitish va yoshlar hamkorligini amaliy natijalarga yo‘naltirish imkoniyatini beradi. Ushbu forum ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash barobarida, kelgusidagi doimiy muloqot uchun mustahkam asos yaratadi va Markaziy Osiyoda yoshlar hamkorligining yangi bosqichini boshlab beradi.

Qirg‘izistonlik yosh parlamentariylar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, “IT Park”, “Kreativ Park” va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, innovatsion muhit va boy ma’naviy meros bilan tanishdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA