O‘zbekiston va Polsha strategik iqtisodiy sheriklikni mustahkamlamoqda
Polsha poytaxti Varshava shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Polsha biznes-forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. 150 nafardan ortiq davlat va biznes vakillarini bir maydonga jamlagan forumda investitsiyalar, eksportni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Varshava shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston–Polsha biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari izchil kengayib bormoqda. Xususan, Polsha Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri sifatida O‘zbekiston uchun muhim hamkorlardan sanaladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 164 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda.
Forumda 150 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakatning davlat idoralari, savdo-sanoat palatalari, tarmoq uyushmalari, yetakchi kompaniyalari va biznes vakillari qatnashdi. Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov hamda Polsha Savdo palatasi raisi Andjey Arendarskiy ochib berdi.
Forum davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, iqtisodiy islohotlar natijalari hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotlarda mamlakatimizning elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti, to‘qimachilik tarmog‘i, shuningdek, innovatsion va yuqori texnologiyali sohalardagi imkoniyatlari atroflicha yoritildi. Polsha tomoni esa o‘z biznes muhiti, investitsiya imkoniyatlari hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda O‘zbekistonning Polsha Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev, Polsha Iqtisodiy taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi, Polsha investitsiya va savdo agentligi hamda Polsha–Osiyo Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etib, iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Rasmiy sessiya yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hali to‘liq ishga solinmagan katta iqtisodiy salohiyat mavjudligini ta’kidlab, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Forumning amaliy qismi B2B uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda tadbirkorlar eksport-import operatsiyalarini kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini shakllantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Polsha Yevropa Ittifoqining 450 milliondan ortiq iste’molchini qamrab olgan yagona bozoriga chiqishda muhim logistika va sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Varshavada o‘tkazilgan mazkur biznes-forum nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish, balki o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va yangi investitsiyalarni jalb etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA