Fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi
Sirdaryoda Latviya mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-amaliy seminarda o‘simliklar karantini, eksport talablari va fitosanitar nazoratning zamonaviy usullari muhokama qilindi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilishda fitosanitar xavfsizlik talablariga rioya etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu yo‘nalishdagi xalqaro tajribalarni o‘rganish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Sirdaryo viloyatida “O‘simliklar karantini, tekshirish dasturi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish talablari” mavzusida xalqaro o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi davlat fitosanitar nazorati inspektorlari, soha mutaxassislari hamda Latviya Respublikasining o‘simliklarni himoya qilish xizmati ekspertlari ishtirok etishdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida amal qilayotgan fitosanitar talablar, eksportga mo‘ljallangan meva-sabzavot mahsulotlarini tekshirish tartibi, namuna olish jarayonlari, zararkunandalar monitoringi va nazorat tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Latviya davlat o‘simliklarni himoya qilish xizmati ekspertlari Gunita Shkupele, Agita Pense va Liga Grishane tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalarda mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida eksportga tayyorlash, fitosanitar hujjatlarni rasmiylashtirish va zamonaviy nazorat mexanizmlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning amaliy qismi Sirdaryo viloyatidagi meva bog‘larida tashkil etildi. Unda mutaxassislar eksportbop mahsulotlarni ko‘rikdan o‘tkazish, zararkunandalarni aniqlash, namunalar olish va fitosanitar nazorat jarayonlarini amaliyotda o‘rgandilar.

— Bunday o‘quvlar soha mutaxassislari uchun xalqaro tajribalarni o‘rganish, zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish va ish jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa hududda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, — deya ta’kidladi Sirdaryo viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Sa’dullayev.
Seminar yakunida faol ishtirok etgan tinglovchilarga malaka oshirganlikni tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri