O‘zbekiston Superligasi qaytmoqda!!!
May oyida tanaffusga chiqgan Superliga 12-turdan boshlab davom ettiriladi.
Jahon chempionati munosabati bilan may oyida tanaffusga chiqqan O‘zbekiston Superligasi restartiga ham oz vaqt qoldi. 16-iyuldan milliy chempionatimiz bahslari qaytadi.
Superliganing ortda qolgan 11 ta tur o‘yinidan keyingi muhim statistikalar bilan tanishing:
Ayni vaqtda Farg‘onaning "Neftchi" klubi o'tkazilgan 11 uchrashuvda 28 ochko to‘plagan holda, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Undan 2 ochko kam jamg‘argan "Paxtakor" esa 2-pog‘onani band etib turibdi. Kuchli uchlikka esa 20 ochko bilan "Buxoro" yakun yasab beradi. 4-o‘rindagi "Navbahor"da ham huddi shuncha ochko mavjud. Muborakning "Mash’al" jamoasi esa hozircha birorta ham ochko qo‘lga kirita olmagan holda antirekordni davom ettirmoqda. Restartdan so‘ng jamoani Sergey Lushyan boshqaradi.

Ortda qolgan bellashuvlardan so‘ng eng ko‘p gol urgan va eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa ham "yo‘lbarslar" sanaladi. Farg‘ona klubi 11ta uchrashuvda 25ta gol urib, o'z darvozalaridan atiga 3 dona to‘p o‘tkazib yuborgan. Klub posboni Botirali Ergashev esa 8ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holda darvozabonlar orasida yetakchilik qilyapti.
Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasi Superligada eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoa hisoblanadi. "Bo‘rilar" 11 uchrashuvda o‘z darvozalaridan 25ta to‘p olib chiqqan. Eng kam golni esa "Mash’al" jamoasi kiritgan bo‘lib, ular atiga 4ta gol urishni uddalagan.
Ayni vaqtda "So‘g‘diyona" klubi hujumchisi Lyupcho Doriyev 7ta gol bilan Superligada to‘purar bo‘lib turibdi. Temurxo‘ja Abduxoliqov, Stefan Chinedu va Dostonbek Hamdamovlar hisobida esa 6tadan gol bor. Stipe Peritsa va Sherzod Esanov 5tadan gol urishning uddasidan chiqqan. Jamshid Iskanderov va Po‘latxo‘ja Xoldorxonov 4tadan golli uzatmani amalga oshirgan holda eng yaxshi assistentlar ro'yxatida karvonboshilik qilmoqda.

12-tur bahslariga 16-iyul kuni start beriladi. Shu kuni birato‘la 3ta stadionda uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Dastlab Jizzaxdagi markaziy stadionda maydon egasi "So‘g‘diyona" jamoasi "Xorazm" bilan kuch sinashadi. Turning markaziy uchrashuvlaridan birida esa "Bunyodkor" “Olimpiya” stadionida "Nasaf"ni qabul qiladi. Kunning so'nggi bahsi esa Fargo'nada joylashgan “Istiqlol” stadionida bo'lib o'tadi. Maydon egasi "Neftchi" klubi joriy mavsum kashfiyotiga aylanayotgan "Buxoro" jamoasi to'sig'idan o'tishiga to'g'ri keladi. O‘yinlari parallel tarzda 20:00da start oladi.
17-iyul kuniga ham 3ta bellashuv bo'lib o'tishi rejelashtirilgam. Amaldagi kubok soxibi "Paxtakor" Toshkent derbisida "Lokomotiv"ga qarshi maydonga tushadi. Chempionat autsayderi "Mash’al" esa "Qo‘qon-1912" bilan kuch sinashadi. Maydonidagi muammolar sabab uy uchrashuvlarini Toshkentda o'tkazishga majbur bo'layotgan "Navbahor" OKMK bilan o'ynaydi. Bu kungi uchrashuvlar ham 20:00ga belgilangan.
Turning so‘nggi ikkita uchrashuvi esa 18-iyul sanasida o'tkaziladi. Islom Ahmedov bosh murabbiylikka kelganidan buyon mag'lub bo'lmayotgan "Andijon" bu safar "Surxon" to'sig'idan o'tishga harakat qiladi. Navoiyda esa muxlislarni "Qizilqum" - "Dinamo" uchrashuvi kutib turibdi. Ikki uchrashuv ham 20:00da boshlanadi.
