O‘zbekiston - Qozog‘iston: hamkorlikning yangi bosqichi muhokama markazida
Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarining yangi dinamikasi: Buxoro sammitidan so‘ng qanday istiqbol kutilyapti?” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ushbu qardosh davlatning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Anjumanda ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatining bugungi holati va istiqboli, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Javlon Vahobov, MOXI direktori:

– 2025-yil O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari o‘zaro 20 dan ortiq muloqot o‘tkazdi. Bu o‘rtacha har oyda ikki martadan ko‘p, degani. Bunday muntazamlik mavjud ishonchni yanada mustahkamlaydi, qaror qabul qilish xarajatini kamaytiradi. Nafaqat ikki tomonlama, balki keng ko‘lamli mintaqaviy hamkorlikning amaliy kun tartibini shakllantiradi.
Bugun O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligi Markaziy Osiyo barqarorligi va taraqqiyotining asosiy ustuniga aylanmoqda.
Beybut Atamqulov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatini yanada kengaytirishimiz kerak. Bu jarayonda asosiy e’tibor savdo, energetika, investitsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikka qaratilishi lozim. Ayniqsa, transport bog‘liqligini kuchaytirish muhim. 2025-yil temir yo‘l orqali tashuv miqdori 32 million tonnadan oshdi va 16 foiz o‘sdi.
Turizm sohasida ham sezilarli oldinga siljish kuzatilmoqda: bir yil ichida O‘zbekistonga Qozog‘istondan 2,5 millionga yaqin fuqaro tashrif buyurdi, O‘zbekistondan Qozog‘istonga 1,3 milliondan ko‘p safar amalga oshirildi.
Jandos Shaymardanov, Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori:

– 2025-yil O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo qiymati 4,8 milliard dollarga yetib, 16,2 foiz o‘sish namoyon etdi. Qo‘shma korxonalar soni 1,1 mingdan oshdi. Investitsiya to‘plami esa 52 loyihani qamrab olib, jami 3,8 milliard dollarni tashkil etdi.
Bu raqamlar munosabatimiz deklarativ emas, balki amaliy mazmun bilan to‘layotganini ko‘rsatadi.
Bekzod Xolmatov, O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi markaz direktori:

– 2026-yil birinchi chorakda o‘zaro 7,7 million tonna yuk tashildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz ko‘p. Tarif siyosati doirasida 65 foizgacha chegirma joriy etildi, Oqtov porti orqali eksport sezilarli darajada o‘sdi.
Aviatsiya sohasida reyslar ikki barobar ko‘paytirilib, haftasiga 40 taga yetkazildi. Yo‘lovchilar soni esa 117 foiz o‘sib, 633 000 dan oshdi.
Marina Kuznechevskaya, “Women in Logistics and Transport” tashkiloti vitse-prezidenti:

– Chegaradagi tartib-taomilni soddalashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish natijasida yuk harakati tezlashmoqda. 2025-yil modernizatsiya qilingan “Qoplonbek – Navoiy” punkti o‘tkazuvchanligi ancha kengaydi.
2026-yil “Jibek joli” va “G‘isht ko‘prik” kabi yirik chegara maskanlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa savdo hajmini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Dilorom Fayziyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Parlamentlararo muloqot ikki davlat munosabatini mustahkamlashning muhim mexanizmi hisoblanadi. Ayni format doirasida barcha sohalarga daxldor masalalar muhokama qilinadi. Bu jarayon xalqaro maydondagi yondashuvlarimizni muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.
Dariya Kojamjarova, akademik:

– Ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik barqaror sheriklikka tizimli asos yaratadi. 2024-yil Olmaotada “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Chirchiqda esa Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari ochildi. Binobarin, inson kapitaliga sarmoya iqtisodiy integratsiyaning asosiy omilidir.
Valeriy Sitenko, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti katta eksperti:

– “Markaziy Osiyo+” formati mamlakatlarimizga muvofiqlashtirilgan qarashlarni himoya qilish imkonini beradi. Bugungi murakkab xalqaro sharoitda barqaror hudud sifatida e’tibor tortayotgani mintaqamizning strategik ahamiyatini oshirmoqda.
Rustam Burnashev, professor:

– Ittifoqchilik munosabati Markaziy Osiyo davlatlarini mustaqil sub’ektlar sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Tashqi siyosatda mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati kengaymoqda. Natijada savdo, investitsiya va texnologiya hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilyapti.
Dilshod Hakimov tayyorladi.
O‘zA