O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni Valiahdi bilan telefon orqali muloqot qildi
29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakatetakchilari bir-birlarini o‘tgan Ramazonhayiti – Iyd al-Fitr munosabati bilan yana bir bor samimiy qutladilar.
Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi.
Bunday xatti-harakatlarning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni to‘liq bartaraf etish nafaqat bu yerdagi davlatlarning manfaatlariga, balki global barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz yetakchisi bunday sinovli kunlarda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Rahbariyati va birodar xalqi bilan birdam hamda yakdil ekanini qayd etib, Podshohlikning vazmin
va oqilona siyosatini har tomonlama qo‘llashini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti hozirda ushbu mamlakatda Umra amallarini bajarayotgan fuqarolarimizga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak va yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar uchun Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud A’lo Hazratlari
va Valiahd shahzodaga alohida minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida, Muhammad bin Salmon Ol Saud O‘zbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan samimiy xayrixohlik va do‘stona qo‘llab-quvvatlovni yuksak qadrlashini ma’lum qildi. Ikki va ko‘ptomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun oliy darajadagi muloqotlarni va muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.