Dunyo ahlini Buxoroning boy tarixiy, madaniy va ilmiy merosi hamisha lol qoldirgan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Davlat rahbarlari tashrifning ikkinchi kuni qadimiy Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qilib, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdilar.
Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni kutib oldi. Tantanali kutib olish marosimida oliy martabali mehmon sharafiga milliy qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Qadimiy Buxoro azaldan o‘zining benazir tarixiy, me’moriy va madaniy boyliklari bilan mashhur bo‘lib, asrlar davomida fan, islom ilmi va ma’naviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Yoshi 2,5 ming yildan oshgan shaharning tarixiy markaziga 1993-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ob’ekti maqomi berilgan.
Oliy martabali mehmon dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlandi.
So‘ng Somoniylar maqbarasiga tashrif buyurildi. Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.
Uning me’moriy qiyofasida nafaqat islom, balki islomdan avvalgi davr an’analari, jumladan, sug‘d madaniyatiga xos naqshlar ham o‘z aksini topgan. Ta’kidlanganidek, quyosh nurlarining tushishiga qarab, maqbara naqshlari turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uyg‘unligini ramziy ifoda etadi.
Qalinligi qariyb ikki metrga yetadigan devorlar hamda yuqori sifatli g‘isht terimi tufayli ushbu noyob yodgorlik bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.
Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdi.
Ark qo‘rg‘oni Buxoroning qadimiy qal’asi bo‘lib, qariyb 1500-yil davomida hukmdorlar qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Uning dastlabki binolari miloddan avvalgi IV-III asrlarga mansub bo‘lib, hozirgi ko‘rinishi asosan XVI asrda shakllangan. Ilgari u saroylar, ma’muriy binolar, qurolxonani o‘z ichiga olgan “shahar ichidagi shahar” bo‘lgan. O‘rta asrlarda bu yerda Rudakiy, Ibn Sino va keyinchalik Umar Xayyom kabi buyuk mutafakkirlar yashab, ijod qilgani qayd etildi.
Poi Kalon majmuasi Buxoroning eng ulug‘vor va mashhur me’moriy ansambllaridan biri sifatida tojikistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. U 1127-yilda qurilgan mashhur 45,6 metrli minora, 1514-yilda barpo etilgan va 12 ming kishini sig‘dira oladigan jome masjidi, shuningdek, islom olamining eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Mir Arab madrasasini o‘z ichiga oladi. Masjid hovlisini o‘rab turgan 288 ta gumbazli galereya, yuzlab ustunlar va noyob akustika majmuaga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlaydi.
Labi Hovuz ansambli Buxoroda saqlanib qolgan o‘rta asrlarga oid sanoqli maydonlardan biri bo‘lib, uning markazida qadimiy hovuz joylashgan. Asrlar davomida shahar aholisi bu yerga dam olish, suhbatlashish va savdo qilish uchun kelgan. Majmua tarkibiga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi.
Tojikiston yetakchisi har bir tarixiy obidaning badiiy uyg‘unligi, milliy hunarmandchilik namunalari va tarixiy eksponatlarga katta qiziqish bildirdi. Oliy martabali mehmonga me’moriy uslubning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, naqshlar va ramzlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Buxoroning boy tarixi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida hikoya qiluvchi bu qadamjolar Tojikiston delegatsiyasida chuqur taassurot qoldirdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mamlakatimiz yengil sanoatining imkoniyatlari bilan ham tanishdi.
Davlat rahbarlari Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi “Nigora” fabrikasiga tashrif buyurdilar.
Qiymati 35 million dollarlik loyiha doirasida tashkil etilgan fabrika paxta xomashyosini qayta ishlashdan tortib, tayyor mato va kiyim-kechak tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘ygan.
“Shoyigul” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan tikuv-trikotaj va tayyor kiyim mahsulotlari asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda. Bu yerda 840 ta ish o‘rni yaratilgan.
Korxonada xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yuqori texnologik uskunalar Xitoy, Germaniya va Belgiyadan olib kelingan. Ikkinchi bosqichda sintetik tolalar va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Oliy martabali mehmonlar korxonaning shou-rumini va tayyor mahsulotlar namoyishini ko‘zdan kechirdilar.
Yiliga 10 million dollarlik eksport qilayotgan fabrika mahsulotlarining sifati Tojikiston delegatsiyasi tomonidan yuqori baholandi.
Prezidentlar mamlakatlarimizning ilg‘or korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Tadbirlar yakunlangach, Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Zarif KOMILOV, O‘zA muxbirlari