O‘zbekiston–Polsha hamkorligi: oliy ta’lim va fan sohasida yangi imkoniyatlar
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” doirasida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulasek ishtirok etdi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Ilhom Sirojev o‘z so‘zida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidlab, bugungi hamkorlik ana shu an’analarning davomi ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, u mamlakatimizda inson kapitali rivoji, ta’lim sifati va innovatsion taraqqiyotni kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida aytib o‘tdi.

Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulasek O‘zbekiston bilan akademik hamkorlikni yuqori baholadi, ushbu kongress ikki mintaqa o‘rtasida amaliy sheriklikni mustahkamlash uchun muhim platforma ekanini bildirdi. U Polsha universitetlari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy konsorsiumlar va innovatsion loyihalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqida kasbiy ta’lim sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini alohida ta’kidladi. U zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashda kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik, dual ta’lim tizimini joriy etish, ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash kabi masalalar muhimligini aytdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA