O‘zbekiston – Markaziy Osiyo mamlakatlari: o‘zaro hamkorlik barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kengayib, mustahkamlandi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi boshqa mamlakatlarning ham barqaror iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ustuvor mintaqaviy siyosat amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kirdi. O‘zbekiston tashqi savdosida mintaqaning ulushi 10,6 foizni, eksportda — 9,8 foizni, importda — 11,1 foizni tashkil etmoqda.
So‘nggi 8 yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar keskin oshdi:
– O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 2,6 barobarga o‘sib, 7,0 mlrd. dollarga yetdi; eksport 1,8 barobarga oshib 2,7 mlrd. dollarni, import esa 3,5 barobarga o‘sib 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi.
– Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokidagi korxonalar soni 6,7 barobarga ko‘payib, taxminan 2,1 mingtaga yetdi. Bu O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy investitsiyali korxonalarning qariyb 12,5 foizini tashkil etadi.
– O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jalb qilinayotgan yillik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar hajmi 240 barobarga oshib, 2024 yilda 482,4 mln. dollarni tashkil etdi, 2017 yilda bu ko‘rsatkich atigi 2,0 mln. dollar bo‘lgan.
Shu tariqa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kengaydi va mustahkamlandi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi mamlakatlarning barqaror iqtisodiy o‘sishiga xizmat qildi.
2030 yilgacha bo‘lgan mintaqaviy kutilmalar

Mavjud prognozlarga ko‘ra, kelgusi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti tez sur’atlarda o‘sishda davom etadi. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi o‘rtacha 4–5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Mintaqa aholisi 2030 yilga borib 90 million nafarga yetib, hozirgidan7 millionga oshadi.
Eksport hajmi ham sezilarli darajada ortib, 127 milliard dollardan 225 milliard dollargacha o‘sadi. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar zaxirasi 250 milliard dollargacha yetishi kutilmoqda.
Umumiy hisobda, 2030 yilga kelib Markaziy Osiyo mamlakatlarining YAIMi 1,6 barobarga oshib, 513 milliard dollardan 834 milliard dollargacha ko‘payishi mumkin. Xarid qilish qobiliyati pariteti bo‘yicha esa YAIM 1,4 barobarga o‘sib, 1,6 trillion dollardan 2,3 trillion dollargacha yetadi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM amaldagi narxlarda o‘rtacha 10,1 ming dollarga, XQP bo‘yicha esa 25 ming dollarga yetadi. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi farq sezilarli bo‘lib qoladi: amaldagi narxlarda 3,5 ming dollardan 20 ming dollargacha, XQP bo‘yicha esa 12 ming dollardan 55 ming dollargacha.
Biroq bunday natijalarga erishish uchun mamlakatlar barqaror o‘sishni ta’minlaydigan aniq chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishi, shuningdek, quyidagi muhim yo‘nalishlarda maqsadli mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishi talab etiladi.
O‘zaro savdoni kengaytirish salohiyati qay darajada?

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro savdo 1996–1997 yillarda imzolangan ikki tomonlama erkin savdo bitimlari asosida erkin savdo rejimida amalga oshiriladi.
So‘nggi 8 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy tashqi savdo hajmi deyarli 2 baravarga o‘sib, 127,1 milliard dollardan 248,6 milliard dollarga yetdi.
2024 yilda mintaqaning umumiy eksporti 126,7 milliard dollarni tashkil etdi, lekin ichki eksport, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo — atigi 10,6 milliard dollar bo‘lib, umumiy eksportning 8,3 foizi darajasida qoldi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bir qator tovarlar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida uchinchi davlatlarga ham eksport qiladi va shu mahsulotlarni ulardan import ham qiladi.
Masalan, xom neft: eksport — 43 milliard dollar, import — 483 million dollar; tabiiy gaz: eksport — 11,9 milliard dollar, import — 2,2 milliard dollar; neft mahsulotlari: eksport — 3,1 milliard dollar, import — 4,0 milliard dollar;
mis rudalari va konsentratlari: eksport — 3,1 milliard dollar, import — 206 million dollar; alyuminiy: eksport — 651 million dollar, import — 149 million dollar; polipropilen: eksport — 260 million dollar, import — 248 million dollar; polietilen: eksport — 276 million dollar, import — 231 million dollar; temir prokati: eksport — 365 million dollar, import — 209 million dollar; un: eksport — 843 million dollar, import — 137 million dollar; bug‘doy: eksport — 201 million dollar, import — 707 million dollar; kungaboqar yog‘: eksport — 181 million dollar, import — 107 million dollar; to‘qimachilik mahsulotlari: eksport — 491 million dollar, import — 146 million dollar.
To‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha ham vaziyat shunga o‘xshash: eksport hajmi 1,2 milliard dollar, import hajmi esa 1,1 milliard dollar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi davlatlardan import qilinayotgan mahsulotlarni mintaqaning o‘zida ishlab chiqarilgan va o‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlar bilan almashtirish orqali Markaziy Osiyo ichki savdosini qo‘shimcha 11,4 milliard dollargacha, ya’ni 2 barobardan ko‘proq oshirish mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, ichki savdoni oshirish salohiyati yuqori. Undan foydalanish uchun tarif va notarif to‘siqlarni kamaytirish, shuningdek, mintaqadagi eksportchi va importchilar uchun umumiy bozordagi talab va taklif haqida doimiy axborot maydoni yaratish zarur.
Bu maqsadda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro savdo amalga oshiradigan qo‘shma mintaqaviy tovar-xomashyo birjasini tashkil etish maqsadga muvofiq. Bu birja orqali importchilarni oldin uchinchi davlatlardan xarid qilgan tovarlarni endilikda mintaqadan sotib olishga rag‘batlantirish mumkin.
Yangi tarmoqlarni birgalikda rivojlantirish

Ma’lumki, Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat uchun juda muhim bo‘lgan kritik minerallar zaxiralariga ega. Mintaqada jami taxminan 385 ta noyob va noyob yer metallari konlari aniqlangan. Jumladan, AQSH Geologiya xizmatining 2018 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra:
– Qozog‘istonda — 160 ta,
– O‘zbekistonda — 87 ta,
– Qirg‘izistonda — 75 ta,
– Tojikistonda — 60 ta,
– Turkmanistonda — 2 ta.
Mintaqa hududida jahon zaxiralarining katta qismi to‘plangan:
– marganets rudasi — 38,6 foiz,
– xrom — 30 foiz,
– qo‘rg‘oshin — 20 foiz,
– ruh — 12,6 foiz,
– titan — 8,7 foiz, shuningdek surma, mis, kumush, uran, oltin va boshqa zarur minerallar, shu jumladan litiy, grafit, nikel, kobalt, magniy, skandiy va boshqalarning zaxiralari mavjud.
Aytish joizki, hozirgi kunda kritik minerallarni qazib olish va qayta ishlash sohasi ko‘plab mamlakatlarda strategik ahamiyat kasb etmoqda. Yevropa Ittifoqi mutaxassislarining baholashicha, Yevropaga yetkazib beriladigan strategik minerallarning 40 foizdan ortig‘i Markaziy Osiyodan kelishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — axborot texnologiyalari sohasi. Bu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslar, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq yangi yechimlar, shuningdek mintaqadagi istiqbolli startaplarni jahon bozorlariga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi paytda deyarli barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarida IT parklar tashkil etilgan:
– Toshkentda — IT Park Uzbekistan,
– Astanada — Astana Hub,
– Bishkekda — High Technology Park,
– Dushanbe shahrida — IT Park Dushanbe.
Ularda rezidentlar uchun soliq imtiyozlari joriy etilgan. Shuningdek, IT parklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik kengaymoqda. Masalan, o‘tgan yilning oxirida IT Park Uzbekistan va Astana Hub “Central Asian Innovation Hubs” nomli qo‘shma innovatsion alyans tuzish bo‘yicha memorandum imzoladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston IT parklari Markaziy Osiyoda axborot-kommunikatsiya xizmatlari bozorini 10 milliard dollar, eksport hajmini esa 1,5 milliard dollar deb baholamoqda. Ular hamkorlik mintaqa startap-ekotizimlariga yangi turtki berishi, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirishi va Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligini kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
“Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi amalga oshirilishi natijasida mintaqaviy startaplarning jahon miqyosida tanilishi oshadi, loyihalarni yirik xalqaro kompaniyalarga taqdim etish imkoniyatlari kengayadi.
IT Park Uzbekistan shuningdek, Qirg‘izistonning High Technology Park va “Assotsiatsiya razrabotchikov programmnogo obespecheniya” hamda IT Park Dushanbe bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Aytish joizki, IT Park Uzbekistan rezidentlar soni hozirda 2,8 mingdan ortiq, shulardan 752 tasi xorijiy kompaniyalardir. Oxirgi besh yilda IT sohasining eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollargacha oshdi. Bugungi kunda ushbu soha orqali taxminan 40 ming yosh mutaxassis yuqori daromad topmoqda.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish – yangi imkoniyatlar

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish — bu mintaqaning iqtisodiy o‘zaro to‘ldiruvchi salohiyatidan maksimal darajada foydalanish imkoniyatidir. Sanoat kooperatsiyasi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatishga, sanoat korxonalari uchun zarur xomashyoni bir-biriga yetkazib berishga, texnologiya va mutaxassislar almashuvini yo‘lga qo‘yishga, o‘zaro savdo hajmini oshirishga hamda uchinchi mamlakatlardan keladigan importni qisqartirishga xizmat qiladi.
Bu yo‘nalishda eng katta istiqbol qo‘shilgan qiymatning mintaqaviy zanjirlarini shakllantirishga tegishli. Jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratish ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga asos soladi. Masalan, O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida, Qozog‘iston bilan chegara hududida, “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Bu yerda sanoat kooperatsiyasi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali rivojlantiriladi.
Qozog‘istonda ham qator yo‘nalishlarda qo‘shma korxonalar tashkil etilgan: yengil avtomobillar yig‘ish, maishiy texnika ishlab chiqarish, tekstil mahsulotlari tayyorlash. Qirg‘iziston va Tojikistonda esa o‘zbek biznesi ishtirokida maishiy texnika va metallokonstruksiyalar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Transmilliy kompaniyalarni mintaqada o‘z ishlab chiqarishlarini ochishga birgalikda jalb etish Markaziy Osiyo mamlakatlarining sanoat korxonalarini yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilarining qiymat zanjiriga ulash imkonini beradi. Bu esa:
– sanoat kooperatsiyasining yanada kuchayishiga,
– mintaqaviy iqtisodiy integratsiya darajasining oshishiga,
– uchinchi mamlakatlar bozorlarida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati kengayishiga,
– yangi texnologiyalarni jalb qilishga,
– ilmiy-ishlab chiqarish bazasini rivojlantirishga va mahalliy kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Aytish joizki, mintaqada jamg‘arilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi barqaror o‘sib bormoqda. So‘nggi 30 yilda XQP nol darajadan 220,5 milliard dollarga yetdi. HQP o‘sishi barcha mamlakatlarda kuzatilmoqda:
– Qozog‘iston — 151,3 milliard dollar (68,6 foiz),
– Turkmaniston — 44,6 milliard dollar (20,2 foiz),
– O‘zbekiston — 16,7 milliard dollar (7,6 foiz),
– Qirg‘iziston — 4,0 milliard dollar (1,8 foiz),
– Tojikiston — 4,0 milliard dollar (1,8 foiz).
Bu raqamlar Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligi ortib borayotganini, investitsiyalar nafaqat qazib olish tarmoqlariga, balki qayta ishlash sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligiga ham faol yo‘naltirilayotganini ko‘rsatadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA