"Tashabbusli byudjet": deputatlar qaysi loyihalarni tanladi?
Bu yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ilk bor parlament quyi palatasi deputatlariga tanlovda g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan loyihalarni tanlab olish imkoniyati berildi. Mart oyi yakunidagi o‘rganishlar davomida deputatlar bu vakolatdan foydalangan holda joylardagi g‘olib bo‘lmagan ko‘plab loyihalar moliyalashtirilishida tashabbus ko‘rsatishdi.
Xo‘sh, xalq vakillari mazkur jarayonda qanday loyihalarni tanlab oldi?
"Adolat" SDP fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova Farg‘ona viloyatining chekka bir hududi, Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan Gulpiyon mahallasida o‘rganishlar olib bordi. Chegaraoldi bu hududda o‘zbek, qirg‘iz va tojik millatiga mansub vatandoshlarimiz asrlar davomida ahil-inoq yashab kelishmoqda. Biroq, bu yerdagi infratuzilma ahvoli bugungi davr talablariga to‘laqonli javob bermaydi.
Mahalla ahli ichki yo‘llarni asfaltlash uchun «Tashabbusli byudjet» loyihasiga 1 milliard 647 million so‘mlik taklif kiritgan edi. Ammo chegaraoldi hududida aloqa va internet sifati pastligi sababli aholi yetarli ovoz to‘play olmagan va loyiha g‘oliblar qatoridan joy olmadi.

Natijada hududdagi 50- va 36-umumta’lim maktablariga qatnaydigan yuzlab o‘quvchilar hamon chang va loy ko‘chalardan yurishga majbur bo‘layotgan edi. Uch kilometrlik ichki yo‘lning abgor holati nafaqat transport harakatiga, balki aholi kayfiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bor gap.
R.Mahmudova “Gulpiyon” MFY hududidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda ushbu loyihani tanladi.
***
O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Haitov esa Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasini tanladi. Nega aynan bu hudud?
Shahrisabz tumanida 245 ming nafar aholi yashaydi. Tibbiyot muassasalarida esa qariyb 3 ming nafar malakali shifokor xizmat ko‘rsatyapti. Shuncha aholiga xizmat qiladigan shifoxonaning sharoitini yaxshilash, qulayliklar yaratish aholi salomatligini ta’minlashda muhim. Shu bois, partiya yetakchisi O‘zLiDePning saylovoldi dasturida belgilangan zamonaviy tibbiy sharoitlar yaratish va infratuzilmani rivojlantirish borasidagi vazifalardan kelib chiqib, tibbiyot muassasasini tanladi.

***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dildora Kamolova Toshkent shahri Uchtepa tumanida o‘rganishlari davomida 492-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlashga qaratilgan loyihani obdon o‘rgandi. Deputat ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlash boshqa loyihalarga nisbatan muhim, degan xulosaga keldi va amaldagi tartibga ko‘ra, ushbu loyihaga deputat tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish bo‘yicha o‘z ovozini berdi.

Qonunchilik palatasining qolgan deputatlari ham “Tashabbusli byudjet” jarayonida o‘zlariga berilgan vakolatdan unumli foydalangan holda joylardagi eng dolzarb deb topilgan loyihalarni tanladi va ularning moliyalashtirilishiga, aholiga qulayliklar yaratilishiga o‘z hissalarini qo‘shdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA