“O‘zbekiston – 2030”: eng ustuvor vazifa – strategik hujjatlarning ijrosini muvofiqlashtirish
Strategik hujjatlar mamlakatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayni maqsadlarda “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi, mohiyati xususida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligining loyiha ofisi rahbari Aziza UMAROVA bilan suhbatlashdik.
– Strategik hujjatlarning samarasi, avvalo ijroni tashkil etish, doimiy monitoring va baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro muvofiqlikni taʼminlashga bogʻliq, – deya fikrini boshladi Aziza Umarova. – Jahon amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, barqaror rivojlanishga erishgan davlatlar strategik rejalashtirishni faqat alohida hujjatlarni qabul qilish yoki ular ijrosini monitoring qilish bilan cheklab qoʻymaydi. Masalan, Singapur tajribasida barcha davlat dasturlari uzoq muddatli milliy rivojlanish strategiyasiga qatʼiy bogʻlangan holda shakllantiriladi va byudjet jarayoni bilan toʻliq integratsiya qilinadi.
Janubiy Koreyada esa strategik rejalashtirish besh yillik milliy rejalar orqali amalga oshirilib, ular sohaviy siyosatlar va investitsiya dasturlari bilan uzviy bogʻlangan. Har bir vazirlik oʻz faoliyatini milliy strategiya maqsadlariga mos ravishda rejalashtiradi va natijalar boʻyicha qatʼiy hisobdorlik tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Buyuk Britaniya amaliyotida “spending review” mexanizmi orqali davlat xarajatlari strategik ustuvorliklar bilan bogʻlanadi. Bu jarayonda har bir dasturning samaradorligi baholanib, moliyalashtirish natijalarga qarab qayta taqsimlanadi. Shu tariqa, ilgʻor davlatlar tajribasi strategik rejalashtirishni alohida hujjatlar yigʻindisi emas, balki konsepsiyadan tortib ijro va baholashgacha boʻlgan yagona, muvofiqlashtirilgan va natijaga yoʻnaltirilgan tizim sifatida tashkil etish zarurligini koʻrsatmoqda.
Yurtimizda strategik rejalashtirishni toʻliq qamrab olgan yagona tizimni shakllantirish, yaʼni konsepsiyadan boshlab ijrogacha boʻlgan barcha jarayonlarni uygʻunlashtirish boʻyicha muhim huquqiy va institutsional asoslar yaratildi. Jumladan, davlat boshqaruvida natijadorlikni oshirish va KPI asosida baholashni joriy etishga qaratilgan “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon, “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror hamda mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergan “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi joriy yilgi farmon bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Mazkur hujjatlar orqali strategik rejalashtirishga boʻlgan yondashuv sifat jihatdan oʻzgarmoqda. Endilikda gap faqat alohida strategiyalar haqida emas, balki barcha strategik hujjatlarning yagona tizimda shakllantirilishi, ularning oʻzaro bogʻliqligi, milliy strategiyaga qatʼiy boʻysundirilishi, shuningdek, rejalashtirish, moliyalashtirish, ijro va baholash jarayonlarining kompleks tarzda tashkil etilishi haqida bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, davlat siyosatining izchilligini taʼminlash, resurslardan samarali foydalanish va eng muhimi – belgilangan strategik maqsadlarga amalda erishish uchun mustahkam asos yaratadi.
– Strategik rejalashtirishning yangi bosqichi qanday samarali maqsadlarga yoʻnaltirilgan?
– Soʻnggi yillarda mamlakatimizda strategik rejalashtirish tizimi sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi davlat va jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat sifatida qabul qilindi.
Mazkur strategiyada inson kapitali rivoji, iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy himoya, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida aniq maqsadlar belgilangan. Shu bilan birga, uning samarali amalga oshirilishi koʻp jihatdan ijro jarayonlarini tizimli tashkil etish va doimiy monitoring qilishga bogʻliq.
Zamonaviy boshqaruv amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, har qanday strategik hujjatning qiymati uning qabul qilinishi bilan emas, balki amaldagi natijalari bilan belgilanadi.
Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini muntazam kuzatib borish, natijalarni baholash va tegishli xulosalar chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada maqsadlar va vazifalarning aniq koʻrsatkichlar (KPI) orqali belgilanishi, ularning bajarilishini real vaqt rejimida kuzatish, davlat organlari faoliyatini baholash kabi mexanizmlar alohida ahamiyatga ega.
Monitoring tizimi nafaqat ijro holatini bilish, balki muammoli yoʻnalishlarni erta bosqichda aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.
Bugungi kunda mamlakatda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bilan bir qatorda sohaviy va hududiy rivojlanish dasturlari ham amalga oshirilmoqda. Shu sababli strategik hujjatlar oʻrtasidagi oʻzaro muvofiqlikni taʼminlash dolzarb masala hisoblanadi.
Yaʼni, sohaviy strategiyalar milliy maqsadlarga xizmat qilishi, hududiy dasturlar umumiy ustuvor yoʻnalishlar bilan uygʻun boʻlishi, investitsiya loyihalari strategik maqsadlarga bogʻlanishi zarur. Bu esa resurslardan samarali foydalanish, takrorlanishlarning oldini olish va belgilangan natijalarga tezroq erishish imkonini beradi.
– Strategiya ijrosida raqamli texnologiyalarning oʻrni qanday?
– Yagona raqamli platforma orqali strategik rejalashtirish, ijro jarayonlari, monitoring va baholash tizimli ravishda birlashtirilmoqda. Bu esa maʼlumotlarning shaffof va ishonchliligini taʼminlash, inson omilini kamaytirish, qaror qabul qilish tezligini oshirish imkonini beradi.
Har bir hujjatning samaradorligi Raqamli platforma orqali doimiy ravishda monitoring qilinib, baholash ishlari olib boriladi. Bunda maqsadli koʻrsatkichlarga masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan har bir samaradorlik koʻrsatkichiga erishish boʻyicha haqiqiy maʼlumotlar, natijalar va tasdiqlovchi hujjatlar doimiy ravishda kiritib borilishi belgilangan.
Shuningdek, milliy darajadagi keng qamrovli strategik rejalashtirish hujjatlarining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha davlat organlari reytingi tuziladi. Bu Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat organlari faolligining milliy reytingini shakllantirishda inobatga olinadi.
Soha, tarmoq, hududlarni rivojlantirish bilan bogʻliq dasturlar (chora-tadbirlar, “yoʻl xaritalari”, rejalar va boshqalar)ni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi mablagʻ ajratilishini talab qiladigan masalalar vazirlik va idoralar tomonidan Raqamli platformaning tegishli modulidagi maʼlumotlarga bogʻlash orqali asoslantirilishi nazarda tutilgan.
Raqamli platformada soha, tarmoq, hududlarni rivojlantirish bilan bogʻliq dasturlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasidagi mablagʻ ajratilishini talab qiladigan masalalar asoslantirilmagan loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kelishilmasligi yagona tartib sifatida oʻrnatilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur tartib orqali davlat organlariga yuklatilgan ustuvor vazifalarni yuqori aniqlikdagi maʼlumotlar orqali nazorat qilish imkoni yaratiladi hamda strategiyaning natijalari ochiq, shaffof boʻlishi kafolatlanadi.
Shu maʼnoda, strategik rejalashtirishdan amaliy natijalarga oʻtish, yaʼni “maqsad — harakat — natija” tamoyilini toʻliq joriy etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
OʻzA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.