Ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishda
Koreya tajribasi o‘rganilmoqda
Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va milliy tizimga tatbiq etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari 13-17-aprel kunlari Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tayotgan seminarda ishtirok etmoqda.

Mazkur seminar Davlat ekologik ekspertizasi markazi va Koreya atrof-muhit instituti (KEI) o‘rtasida tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida tashkil etildi. Ta’kidlash joizki, ushbu tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik 2024-yil noyabr oyidan buyon izchil ravishda rivojlanib bormoqda.
Seminar doirasida ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirish, atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘.Muxamedov ta’kidlaganidek, ushbu hamkorlik O‘zbekistonda ekologik baholash tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbir davomida ishtirokchilar Koreyada joriy etilgan Ekologik ta’sirni baholash axborot tizimi (EIASS), uni ishlab chiqish va takomillashtirish tajribasi bilan tanishmoqda. Shuningdek, tizimni modernizatsiya qilish, raqamli yechimlarni joriy etish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va atrof-muhit holatini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali monitoring qilish kabi yo‘nalishlarda amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Koreya Respublikasida amalga oshirilayotgan yashil hududlarni rivojlantirish, bog‘ va parklarni zamonaviy loyihalash ishlari bilan ham tanishmoqda. Bu tajribalar kelgusida shaharsozlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Ushbu seminar O‘zbekistonda ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Koreya tajribasini o‘rganish orqali mutaxassislar raqamli atrof-muhitga ta’sirni baholash platformasini shakllantirishda ilg‘or yechimlardan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, seminar doirasida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar olib borilishi kutilmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi va KEI o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik Ekologiya qo‘mitasining xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ekologik boshqaruv tizimini zamonaviy standartlar asosida takomillashtirish hamda sohada raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan izchil siyosatining yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA