Ovchilik sohasida yagona va shaffof huquqiy mexanizmlar yaratiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev mamlakatimizda ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibini tizimlashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Sohaga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni ko‘paytirish va undan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yer uchastkalari ajratish, ov qilishni faqat belgilangan joylarda amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, ovchilikka taalluqli hujjatlarni berish jarayonlarini raqamlashtirish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.
Qonun bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “Qurol to‘g‘risida” hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunda ovchilik guvohnomasi davlat xizmatlari orqali, ovchilik yo‘llanmasi esa maxsus elektron dastur orqali berilishi nazarda tutilmoqda.

Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlardan hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer ovchilik bazalari uchun hamda 100 gektargacha yer pitomniklar barpo etish uchun investitsiyaviy hamda shartnomaviy majburiyatlar belgilangan holda elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilishi nazarda tutilmoqda.
Eng muhimi, agar 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinishi belgilanmoqda.
Ovchilik guvohnomalari va yo‘llanmalarini berishga, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni belgilash hamda taqsimlashning ilmiy asoslangan tartibini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Qonun ov qilishni faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan joylarda, shuningdek erkin ov qilish joylarida amalga oshirishni belgilashga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda hamda o‘rmon fondi yerlarida ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida ajratishni tartibga solishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Senatorlar ma’qullagan qonun ovchilik sohasida yagona va shaffof huquqiy mexanizmlarni yaratish, sohada nazoratni kuchaytirish, yovvoyi hayvonlar resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash hamda ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA