Osiyo o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida qancha davlat vakillari qatnashadi?
Shu kunlarda Yaponiyaning Aichi-Nagoya hududida qit’a sportchilari uchun to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi sanalgan XX yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
“Kichik olimpiada” maqomidagi mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishga hozirlanayotgan yurtimiz dzyudochilari shu kunlarda Nagoyada so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda.
Osiyo o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida 32 davlatning 203 nafar sportchisi, shundan 115 nafar erkak, 88 nafar xotin-qiz dzyudochi umumiy hisobda 14 ta vazn toifasida medallar bahs olib borishi kutilmoqda.
Osiyo o‘yinlarining dzyudo bellashuvlari 30-sentabr - 3-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Avvaliga uch kun mobaynida yakkalik, to‘rtinchi kuni esa aralash jamoaviy musobaqalar tashkil etiladi.
Kuni kecha nufuzli musobaqa oldidan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov murabbiylar shtabi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda sportchilarning salomatligi, jismoniy tayyorgarligi va tiklanish jarayoni, mashg‘ulotlar rejasi, jamoaning ruhiy holati atroflicha muhokama qilindi.
Har bir dzyudochining optimal holatini saqlab qolish va musobaqaga yuqori sport formasida kirib borish juda muhim ekanligi, kichik detallarga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Tahlillar va suhbatlar yakunida murabbiylar shtabi a’zolariga, Osiyo o‘yinlari tizimida qatnashadigan har bir dzyudo mutaxassisiga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yili Xitoyda o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz dzyudochilari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA