O‘rmon fondi yerlarida ekoturizm loyihalarini amalga oshiruvchi tizim faoliyati yo‘lga qo‘yildi
O‘rmon xo‘jaligida ekoturizmni jadal rivojlantirish maqsadida o‘rmon fondi yerlarida ekoturizm loyihalarini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zaro almashish tizimini joriy etish va o‘rmon fondi yerlarida tashkil etilgan turistik maskanlar hamda xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon fondi yerlarida ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi” ishlab chiqilgan. Uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Bu ishlar uzviyligida Bobotog‘, Baxmal va Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi rekreatsiya hududlari ajratilib tegishli tuman hokimliklari qarorlari chiqarildi. Hozirgi kunda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi, Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaligi, Bekobod va Forish davlat o‘rmon xo‘jaliklari rekreatsion hududlarga ajratilib, mahalliy hokimiyat qarorlarini chiqarish uchun taqdimnomalar yuborilgan.
Keyingi paytda mamalakatimizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2020 yil
6 oktyabrdagi “O‘zbekiston respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi
qarorida belgilab berilgan topshiriq asosida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rtasida o‘rmon fondi yerlarida ekoturizm loyihalarini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zaro almashish tizimi joriy etildi.
bugungi kunda qo‘mita tasarrufidagi ekoturizm yo‘nalishida yetarli salohiyatga ega bo‘lgan 40 ta o‘rmon xo‘jaliklari tanlandi. Mazkur xo‘jalik rahbarlari bilan birga shahar va tuman hokimlarini 2020 yilning sentyabr oyida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligida tashkil etilgan namunaviy ekoturistik ob’ektlar bilan tanishtirish uchun Bo‘stonliq tumanida infotur bo‘lib o‘tdi. O‘rmon xo‘jaliklari va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2021-2023 yillarda ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilishi ham soha rivojida muhimdir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2020 yilda ekoturistik ob’ektlar soni 250 taga, eko marshrutlar soni 25 taga yetkazildi. bugungi kunga kelib, o‘rmon fondi yerlarida 200 dan ortiq ekoturizm loyihasi amalga oshirilmoqda. 2020 yildan o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish muddatini 49 yilgacha uzaytirilgandan so‘ng sohaga mahalliy va xorijiy investorlarning qiziqishi oshganligini ko‘rishimiz mumkin. Pandemiya davriga qaramasdan, Rossiya Federatsiyasining “Uzuralimpeks” kompaniyasi tomonidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligida ekoturizm maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligida mahalliy investor tomonidan qiymati 5 million dollar bo‘lgan Xivins Garden mehmonxonasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, yil yakunida yana bir yangi Seven Tri ekoturizm maskani o‘z faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligida Markaziy Osiyoda birinchi marotaba ignabargli daraxtlardan iborot 2,5 gektarli labirint eko-bog‘ hamda 25 ga yaqin noyob hayvonlarni jamlagan kichik zoopark barpo etildi. Shuningdek, Zarafshon milliy tabiat bog‘ida ham halqimiz o‘rtasida tabiatga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda mahalliy aholining madaniy hordiq olishiga ko‘maklashish maqsadida ko‘chma zoopark tashkil etildi.
Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligida mahalliy investorlarni jalb qilgan holda Xorazm madaniyatiga xos bo‘lgan 20 ga yaqin chodirlardan iborat ekoturizm maskani sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Mazkur loyihalar asosida mavsumiy 420 ga yaqin, doimiy 340 o‘rinli ish joylari yaratildi.
Ekoturizm yo‘nalishi bo‘yicha o‘rmon fondi yerlarida 2030 yilgacha ekologik ob’ektlar soni 600 taga, ekomarshrutlar soni esa 120 taga, rekreatsiya hududlari soni 40 taga, ekoturizm loyihalari soni esa 1500 taga yetkazilib, rekreatsiya va turizm sohasidan tushadigan tushum 5 milliard so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
O‘rmon xo‘jaliklarining ekoturizm bo‘yicha mutaxassislari malakasini oshirish ham asosiy masalalarimizdan. Shu sababli, Namangan, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan seminar-treninglar, xalqaro ekspertlarni jalb qilinishi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Amerika O‘rmon xizmati o‘rtasida 2019 yil 9 aprelda imzolangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq joriy yilning 27 mart – 5 aprel kunlari Saksonota o‘rmon ishlab chiqarish korxonasining So‘qoq bo‘limida hamda Zarafshon milliy tabiat bog‘ida Amerika O‘rmon xizmati mutaxassislari ishtirokida vebinarning tashkil etilishi kadrlar salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim qadam deyish mumkin.
Shu bilan birga, Koreyaning KOIKA tashkiloti hamkorligida ekspert sifatida o‘rmon mutaxassisi, doktor Li Dak Su, Turkiya davlati Suv va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari janob Axmed Yalvachning yurtimizga tashrifi, O‘rmon fondi yerlarida tashkil etilgan turistik maskanlari hamda xizmatlari to‘g‘risida axborot beruvchi materiallarni tayyorlash, keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, yangi ekologik ob’ektlar va marshrutlarni aniqlash maqsadida tur operatorlarini jalb etgan holda Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida jami 6 ta infotur o‘tkazilishini ham amaliy ahamiyat kasb etdi.
Ekoturzmni rivojlantirishga qaratilgan ishlarda O‘zbekiston Respublikasi teleradikompaniyasi bilan hamkorlikdagi faoliyatimizni qayd etish lozim. Bunda Zarafshon va Zomin milliy tabiat bog‘larida, Zomin, Baxmal, Burchmulla, Ohangaron, Pop va Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaliklarida olib borilayotgan tadbirlar va ekoturizm maskanlari to‘g‘risida efirga uzatilgan lavhalar shular jumlasidandir.
Dilrabo BOBOEVA,
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi
matbuot kotibi o‘rinbosari