Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash kuchaytiriladi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida Yevropa Ittifoqining Ta’lim jamg‘armasi (ETF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan DARYA loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda mehnat bozorini rivojlantirish, zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar amalga oshirilgan ishlar sarhisobini chiqarib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar va hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qildi. Muloqot davomida mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish va aholi bandligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda qator ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Kompetensiyalarni rivojlantirish tizimini takomillashtirish, malaka baholash tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro tajribani joriy etish, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, aholi bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Shuningdek, uchrashuvda mehnat bozori monitoringini takomillashtirish, tadqiqot metodologiyasini yangilash hamda mehnat bozori rivojini prognoz qilish tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Mazkur hamkorlik mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, aholi bandligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA