Oliy o‘quv yurtlari hamkorligi mustahkamlanmoqda
Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universitetining professor-o‘qituvchilari Kristian Kayzer va Yozef Klyayn boshchiligidagi delegatsiya o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Namangan to‘qimachilik sanoati institutida bo‘ldi.
Ayni kunlarda Namangan to‘qimachilik sanoati institutida o‘quv jarayonlari “dual” ta’lim tizimi va “4+2” dasturi asosida tashkil etilmoqda. Ya’ni talabalar haftaning to‘rt o‘qish kunida nazariy bilimlarni olishsa, qolgan ikki kun davomida bilimlar amaliyotda mustahkamlanadi. Bu orqali ta’lim sifatini oshirish asnosida, yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishga erishilmoqda.


Delegatsiya vakillari viloyatning yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblangan “Fazman textil” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bo‘lib, ishlab chiqarishdagi jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar davomida “4+2” tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish va o‘qitish metodikasini optimallashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar ilgari surildi.
Shuningdek, mehmonlar institutnining laboratoriya markazlari va dizayn studiyalarida ham bo‘lib, mashg‘ulotlarni olib borish va tajribalar o‘tkazish uchun keltirilgan zamonaviy jixozlar, ilmiy-tadqiqot ishlari davomida kashf qilinayotgan ixtiro hamda yangiliklar bilan tanishdi.


Tashrif davomida professorlar Kristian Kayzer va Yozef Klyayn tomonidan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti talabalari uchun seminar tashkil etilib, unda qatnashgan yoshlar Albstadt-Sigmaringen universitetida talabalar almashinuvi dasturida ishtirok etish, xalqaro loyiha va tanlovlarda “startap” loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri