Oila — jamiyat tayanchi va ma’naviy barqarorlik omili
15-may — Xalqaro oila kuni
Insoniyat taraqqiyoti tarixida oila hamisha jamiyatning eng muhim ijtimoiy instituti sifatida e’tirof etib kelingan. U nafaqat inson tarbiyasi shakllanadigan muhit, balki milliy qadriyatlar, ma’naviy meros va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchi muqaddas maskandir. Shu bois ham dunyo hamjamiyati tomonidan oila institutini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 1994-yildan buyon mamlakatimizda ham har yili 15-may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu sana oilaning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda aholi e’tiborini oila bilan bog‘liq dolzarb masalalarga qaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya a’zolari ahil va inoq oiladek istiqomat qilmoqda. Yurtimizdagi 157 ta milliy madaniy markaz turli xalqlarning madaniyati, tili va an’analarini asrab-avaylash, ularni yosh avlodga bezavol yetkazish yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi mazkur markazlarni doimiy qo‘llab-quvvatlab, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Turli millat vakillarining oilaga bo‘lgan muhabbati va sadoqati jamiyatimizdagi ma’naviy jipslikning asosiy negizidir.
Globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda oila instituti oldida yangi ijtimoiy va ma’naviy chaqiriqlar paydo bo‘lmoqda. Raqamli muhitning kengayishi va "ommaviy madaniyat" ta’siri oilaviy munosabatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Shu bois oilada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayanish har qachongidan ham dolzarbroqdir.
O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi bu boradagi tizimli islohotlarning muhim huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatda oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ajrimlarning oldini olish va oilaviy munosabatlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kabi vazifalar ustuvor etib belgilangan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobida ham oila, bolalar va yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bosh qomusimizda oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilib, davlat uning muhofazasi uchun mas’ul ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Bu esa oilaning nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy-axloqiy jihatdan ham davlat himoyasida ekanidan dalolat beradi.
Oila — insonning ilk tarbiya maktabi. Farzandning dunyoqarashi, Vatanga muhabbati va mas’uliyat hissi avvalo ota-ona bag‘rida shakllanadi. Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlar ongida sog‘lom oila tushunchasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Zero, oila mustahkam bo‘lsa — jamiyat barqaror, jamiyat barqaror bo‘lsa — mamlakat taraqqiyoti bardavom bo‘ladi.
Mirsulton MIRZARAHMATOV,
Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi mutaxassisi
O‘zA