Xorazmning “turkcha” o‘riklari – eksportga chiqdi (+video)
Xonqa tumanidagi “Masharif Sharifa” fermer xo‘jaligida eksportbop “Turkcha” o‘rik navlari yetishtirildi.
Ma’lumki, vohaning iqlimi va tabiiy sharoitlari boshqa viloyatlarga, ayniqsa, vodiy yoki janubiy hududlarga qaraganda o‘ziga xos farqlarga ega. Ushbu hudud iqlimi keskin kontinentligi bilan ajralib turadi. Qish bu yerda uzoqroq davom etadi va tuproqning qizishi janubiy hududlarga nisbatan 10-15 kun kechroq boshlanadi. Daraxtlar uyqudan kechroq uyg‘ongani sababli, gullash va meva tugish jarayoni ham tabiiy ravishda kechikadi.
Bundan to‘rt yil muqaddam xo‘jalikning 6 gektar maydoniga Turkiyadan maxsus keltirilgan, iqlimga mos va serhosil ertapishar o‘rik ko‘chatlari ekilgan edi.
Ko‘rsatilgan agrotexnik ishlovlar va zamonaviy parvarish natijasida bugun ushbu bog‘lar to‘liq hosilga kirdi.
– Bizning ertapishar o‘rik navlarimizning afzalligi shundaki, ular “Vondergod”, “Qilich” navlari kabi bozorga boshqa navlardan oldin chiqadi va eksportbopligi bilan ajralib turadi, – deydi xo‘jalik rahbari Otabek Suvonqulov. – Bizning iqlim sharoitimizga to‘g‘ri kelarmikan deb ikkilangan edim. Ushbu navlar vohamizga juda mos ekan. Hozir daraxt shohlari mevalarini bazo‘r ko‘tarib turibdi.
[gallery-29429]
Yetishtirilayotgan sarxil mevalar nafaqat ichki bozorlarimizni to‘ldirmoqda, balki xorijiy xaridorlarning ham e’tiborini tortdi. Hozirda mahsulotlar qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. Bu esa xo‘jalikka qo‘shimcha daromadini ta’minlash bilan birga, jahon bozorlarida o‘zbek brendining nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Asosan Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilmoqdamiz, – deydi Otabek Suvonqulov. – Toshkent va boshqa viloyatlarga ham olib ketishyapti. Hozirda ulgurji xaridorlar bog‘ning o‘zidan mevalarni qadoqlab, transportlarga ortishmoqda. Bu o‘rik navining yana bir afzalligi shundaki, donalarining ko‘rinishi, o‘lchami va og‘irligi bir xilda bo‘lar ekan. Bu esa eksport standartlariga juda mos.
Joriy mavsumda xo‘jalik a’zolari o‘rikning o‘zidan 70 tonnadan ziyod hosil olishni rejalashtirishgan. Biroq, fermer xo‘jaligi faqat o‘rik bilan cheklanib qolgani yo‘q. Bog‘ning qolgan 6 gektardan ortiq maydonida saralangan navli nok, shirin va sersharbat olma va boshqa mevalari parvarish qilinmoqda.
Mazkur bog‘ nafaqat daromad manbai, balki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari demakdir. Ayniqsa, hosil yig‘ib-terib olish va saralash jarayonlarida o‘nlab mavsumiy ishchilar bandligi ta’minlanmoqda.
“Masharif Sharifa” fermer xo‘jaligining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yerga mehr berib, ilm bilan yondashilsa, yer albatta o‘z saxovatini ko‘rsatadi.
Xorazmning “turkcha” o‘riklari esa mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishda yangi manba bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sFQluSwJQfs" title="Xorazmning “turkcha” o‘riklari – eksportga chiqdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari