Nukus tumanida tomat pastasi zavodi ishga tushirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida pomidordan “Oydinlar” brendi ostida tomat pastasi ishlab chiqaruvchi yangi zavodning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston uchun alohida berilgan imtiyoz va imkoniyatlar natijasida yangi korxonalar soni ortib, ko‘plab loyihalar ishga tushirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri bo‘lgan tomat pastasi ishlab chiqarish zavodi umumiy 15 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ishga tushirildi

Natijada, sutkasiga 70 tonna mahsulotni qayta ishlash va yiliga 1000 tonnadan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvati, yoshlar uchun esa 40 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Albatta, ushbu loyihaning ishga tushirilishi mahalliy pomidor mahsulotlarini eksportbop usulda qayta ishlashga, tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirishga va tuman aholisi farovonligi yo‘lida uzoq yillar davomida xizmat qiladi.

Tadbir davomida nuroniy-oqsoqollar, hudud aholisi yangi zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri