Navoiyda zamonaviy sulfat kislota ishlab chiqarish korxonasi qurilmoqda
Navoiy viloyatining Karmana tumanida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tomonidan “TMK Chemicals” zamonaviy sulfat kislota ishlab chiqarish korxonasi qurilmoqda.
Umumiy qiymati 54,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur investitsiyaviy loyiha 6 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 500 ming tonna yuqori tozalikdagi sanoat sulfat kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyiha doirasida 240 dan ziyod yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasidan qayta foydalanish orqali yiliga 152 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.
Ayni paytda mahsulotlarni tashish va yetkazib berish maqsadida 2,5 kilometr uzunlikdagi yangi temir yo‘l tarmog‘i barpo etilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri