“Muruntov” konida davriy oqim texnologiya majmuasi to‘liq ishga tushirildi
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini oshirish va kondan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
“Muruntov” konini o‘zlashtirishning V navbati 1-bosqichi doirasida janubiy qismida qurilgan davriy oqim texnologiya majmuasi to‘liq ishga tushirildi.

Yangi majmuaning ishga tushirilishi konning chuqurlashishi va tog‘ jinslarini tashishda vaqt hamda xarajatlarni sezilarli ravishda qisqartirish imkonini berdi. Hozirgi paytda majmuaning 2 ta maydalash-yuklash punkti, uzunligi 1500 metr bo‘lgan magistral konveyer va 900 metr uzunlikdagi ag‘darma konveyer orqali bir sutkada 25 ming kubometr tog‘ jinslari samarali tashilmoqda.
– Ish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan ushbu majmuaning ishga tushirilishi natijasida og‘ir yuk tashuvchi avtoag‘dargichlar konda harakatlanishi lozim bo‘lgan masofani 1550 metrga qisqartirdi, – deydi “NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi bosh mexanigi Xurshidbek Negov. – Bu esa dizel yoqilg‘isi sarfini kamaytirish va atrof-muhitga chiqadigan chang va gaz chiqindilarini sezilarli darajada pasaytirish imkonini berdi. Shuningdek, majmua uchun zarur asbob-uskunalar mahalliylashtirish dasturi doirasida Navoiy mashinasozlik zavodi va Zarafshon ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan ishlab chiqarildi. Qurilish-montaj ishlari esa Zarafshon qurilish boshqarmasi mas’uliyatida bajarilgan.

Yangi texnologiya majmuasi “Muruntov” konida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, inson mehnatini yengillashtirish va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Bu loyiha orqali Navoiy kon-metallurgiya kombinati qimmatbaho metallar hajmini yanada ko‘paytirish va mintaqadagi iqtisodiy rivojlanishga salmoqli hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA