SHHT MATT Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun Toshkent shahrida Pokiston Islom Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Kengashining 45-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish ishida SHHTga a’zo davlatlar – Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning tegishli idoralari delegatsiyalari, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari, shuningdek faxriy mehmon sifatida SHHT Bosh kotibining o‘rinbosari Botir Tursunov ishtirok etdi.
Tadbirda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar muhokama qilinib, SHHT Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi ko‘zda tutilgan SHHT MATTning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi qator hisobot hujjatlari kelishib olindi.
Yig‘ilishda Yaqin Sharqdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. SHHT MATT Kengashi mintaqadagi holat, shu jumladan Eron hududiga harbiy zarbalar berilganidan jiddiy xavotirdaligini bildirib, kuch ishlatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Ishtirokchilar ziddiyatlarni faqat tinch yo‘l bilan, muloqot, o‘zaro hurmat, xalqaro huquq me’yorlari va BMT Nizomiga rioya qilish asosida hal etish tarafdori ekanliklarini qayd etdi. Eronning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash muhimligi hamda barcha tomonlar vazminlik ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.
Kengash halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli idoralarini obro‘sizlantirishga qaratilgan urinishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida qayd etdi.
Yig‘ilish davomida Afg‘oniston va Suriya hududlarida xalqaro terrorchilik tashkilotlari faolligi saqlanib qolayotgani sababli terrorizm, separatizm va ekstremizm tahdidlari o‘zgarib borayotgani ta’kidlandi. Shu bois, birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi aytildi.
Ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosi, maxsus ekspert guruhlarining 2025-yildagi faoliyati yakunlari hamda SHHTga a’zo davlatlarning 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturining bajarilishi ko‘rib chiqildi. 2025-yilda o‘tkazilgan qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari va axborot operatsiyalari natijalari ma’qullandi.
2026-yilda Pokiston Islom Respublikasida SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari chegara xizmatlari rahbarlarining o‘n ikkinchi yig‘ilishini, Belarus Respublikasida SHHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan 12-xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni, Xitoy Xalq Respublikasida SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralarining Internet tarmog‘idan terrorchilik, separatizm va ekstremizm maqsadlarida foydalanish holatlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlarini, Hindiston Respublikasida SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari uchun Internet tarmog‘idan terrorchilik, separatizm va ekstremizm maqsadlarida foydalanishga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy seminar, shuningdek global axborot makonida, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda SHHTga a’zo davlatlarning davlat tuzumini o‘zgartirishni ko‘zlagan terrorchilik, separatizm va ekstremizm tashkilotlarini obro‘sizlantirish bo‘yicha qo‘shma axborot operatsiyasini, 2027-yilda esa Qozog‘iston Respublikasida SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralarining qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
[gallery-28530]
SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatinining tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi. Tuzilma faoliyatini rivojlantirish hamda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun tashkilotga a’zo davlatlar vakolatli idoralari va MATT Ijroiya qo‘mitasining bir guruh mas’ullari mukofotlandi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan yig‘ilishda SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Tuzilma Kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2026-yil sentabr oyida Pokistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Aziza Alimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA