Milliy valyuta – mustaqillik va barqarorlik timsoli
Bugungi kunda qo‘limizdan tushmaydigan so‘m shunchaki to‘lov vositasi emas. U mamlakat iqtisodiy mustaqilligi, davlat suvereniteti va milliy taraqqiyotning muhim ramzlaridan biridir.
Bundan 32 yil avval — 1994-yil 1-iyul kuni O‘zbekiston o‘z milliy valyutasini muomalaga kiritish orqali mustaqil iqtisodiy siyosat yuritish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan birini tashladi. O‘tgan yillar davomida so‘m mamlakat iqtisodiyoti bilan birga shakllandi, turli sinovlarni boshdan kechirdi va zamonaviy moliya tizimining ajralmas qismiga aylandi. Bugun milliy valyutaning 32 yillik tarixi nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, balki iqtisodiy islohotlar, pul-kredit siyosati va raqamli iqtisodiyot sharoitida so‘mning o‘rni hamda istiqbolini tahlil qilish uchun ham muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
1994-yil 16-iyunda qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, 1-iyuldan boshlab so‘m mamlakat hududida yagona qonuniy to‘lov vositasi sifatida joriy etildi. Ana shu qaror bilan O‘zbekiston o‘zining mustaqil monetar siyosatiga to‘liq o‘tdi.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, milliy valyutaning joriy etilishi mamlakatning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash, davlat byudjeti, bank tizimi va tashqi iqtisodiy munosabatlarni mustaqil boshqarish imkonini berdi.
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1994-yilda 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so‘mlik banknotalar hamda 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiyinlik tangalar muomalaga chiqarildi.

Keyingi yillarda iqtisodiyot hajmining o‘sishi, inflyatsiya va bozor munosabatlarining rivojlanishi natijasida yuqori nominalli pullar bosqichma-bosqich joriy etildi. 1997-yilda 200 so‘mlik, 2000-yilda 500 so‘mlik, 2001-yilda 1000 so‘mlik, 2013-yilda 5000 so‘mlik, 2017-yilda 10 ming va 50 ming so‘mlik, 2019-yilda 100 ming so‘mlik hamda 2021-yilda 200 ming so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarildi. Bu o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotidagi tabiiy jarayonlar, aholi daromadlari va to‘lov munosabatlarining kengayishi bilan izohlanadi.
So‘nggi yillarda banknotalar dizayni tubdan o‘zgardi. Yangi namunadagi kupyuralarda Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent kabi tarixiy shaharlar, me’moriy obidalar va milliy naqshlar aks ettirildi.

Bu o‘zgarishlar nafaqat estetik ahamiyati, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham muhim bo‘ldi. Zamonaviy banknotalar xalqaro talablarga javob beradigan suv belgilari, gologrammalar, mikromatn, himoya iplari va rang o‘zgartiruvchi elementlar bilan jihozlangan. Ko‘pchilik milliy valyutaning qiymatini faqat dollar kursi bilan baholaydi. Aslida esa so‘mning barqarorligi mamlakat iqtisodiyotining umumiy holatiga bog‘liq.
Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, eksport hajmi, investitsiyalar oqimi, ishlab chiqarishning kengayishi, inflyatsiya darajasi va Markaziy bankning pul-kredit siyosati milliy valyutaning mustahkamligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda inflyatsiyani pasaytirish, valyuta bozorini liberallashtirish va pul-kredit siyosati shaffofligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar milliy valyuta barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda so‘m faqat qo‘lda ushlab ko‘riladigan banknota yoki tanga emas. U raqamli iqtisodiyotning ham asosiy hisob-kitob vositasiga aylandi. Uzcard va Humo to‘lov tizimlari, mobil banking, internet-banking, QR-kod orqali to‘lovlar, elektron tijorat va fintex xizmatlarining jadal rivojlanishi natijasida naqdsiz hisob-kitoblar ulushi yil sayin oshib bormoqda.
Bu esa iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va aholiga qulay moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi, Shahrisabz shahrining 2700-yilligi, Toshkent shahrining 2200-yilligi munosabati bilan maxsus tangalar chiqarildi. 2022-yilda esa 1000 so‘mlik metall tanga muomalaga kiritildi. Bu tangalar nafaqat to‘lov vositasi, balki mamlakat tarixi, madaniyati va davlatchilik an’analarini targ‘ib qiluvchi muhim numizmatik merosdir.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 1-iyulni «Bank xodimlari kuni» sifatida belgilash haqida fikrlar bildirilmoqda. Darhaqiqat, milliy valyutaning joriy etilishi mamlakat bank tizimi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Bugun banklar iqtisodiyotni moliyalashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ipoteka va iste’mol kreditlari, investitsiyalar, xalqaro hisob-kitoblar hamda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin egallamoqda.

Biroq, kasb bayramini ta’sis etish davlat darajasida qabul qilinadigan huquqiy qaror hisoblanadi. Shu bois mazkur taklif keng jamoatchilik, bank sohasi va tegishli davlat organlari ishtirokida muhokama qilinishi maqsadga muvofiq.
32 yil avval muomalaga kiritilgan milliy valyuta bugun O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi va moliyaviy barqarorligining asosiy timsollaridan biriga aylandi.
O‘tgan yillar davomida so‘m tashqi ko‘rinish jihatidan ham, himoya darajasi va muomala imkoniyatlari bo‘yicha ham zamonaviylashdi. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi, elektron to‘lov tizimlarining kengayishi va bank sohasidagi islohotlar milliy valyutaning ahamiyatini yanada mustahkamlamoqda.
Milliy valyutaga ishonch – iqtisodiyotga ishonch demak. So‘mning barqarorligi esa har bir fuqaro farovonligi, tadbirkorlik muhiti va mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining muhim kafolatlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA