Eng ommabop kredit turi qaysi?
O‘zbekistonda bank tizimi orqali iqtisodiyotni moliyalashtirish hajmi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va biznesning kredit mablag‘lariga bo‘lgan talabi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, ipoteka, mikrokreditlar, kredit kartalari hamda biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy instrumentlarga qiziqish ortib bormoqda.
2026-yil 1-iyun holatiga bank tizimining jami kredit qoldig‘i 636 trillion so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 5,3 foizga o‘sdi. Bu mamlakat iqtisodiyotida kreditlash faolligi izchil davom etayotganini anglatadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 232,9 trillion so‘mga yetib, yil boshiga nisbatan 5,7 foizga oshgan.
Aholi kreditlari tarkibida eng katta ulushni ipoteka kreditlari tashkil etmoqda. Ularning umumiy hajmi 85,2 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, yarim yillik o‘sish 7,3 foizni tashkil qildi. Bu aholining uy-joyga bo‘lgan talabi hamon yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, kichik moliyalashtirish vositalariga ham qiziqish ortmoqda. Jumladan, mikrokreditlar hajmi 44,9 trillion so‘mga yetib, 11 foizga oshdi. Mikroqarzlar hajmi esa 50,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2,6 foizga ko‘paydi.
Eng yuqori o‘sish esa kredit kartalari va overdraftlar segmentida qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda kreditlash hajmi 24,3 foizga kengaydi. Bu esa aholining qisqa muddatli moliyaviy ehtiyojlarini qoplashga xizmat qiluvchi mahsulotlarga talab oshib borayotganidan dalolat beradi.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 403,1 trillion so‘mga yetib, yil boshiga nisbatan 5,1 foizga o‘sdi. Korporativ kreditlash bank tizimi kredit portfelining asosiy qismini tashkil etishda davom etmoqda. Shu bilan birga, biznes uchun muqobil moliyalashtirish instrumentlariga qiziqish ham oshib bormoqda. Jumladan, lizing va faktoring operatsiyalari 19,7 foizga, banklararo kreditlar esa 43,2 foizga o‘sdi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy xizmatlar turi va imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Ekspertlarning fikricha, kredit portfeli tarkibidagi o‘zgarishlar iqtisodiyotning turli sohalarida investitsiya va iste’mol faolligi saqlanib qolayotganini anglatadi.
Ipoteka kreditlarining o‘sishi aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji yuqori ekanini tasdiqlasa, mikrokredit va mikroqarzlar hajmining ortishi kichik biznes hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini moliyalashtirishga bo‘lgan talab bilan izohlanadi.
Kredit kartalari va overdraftlar segmentining yuqori sur’atlarda o‘sishi esa bank xizmatlarining raqamlashuvi va aholining zamonaviy to‘lov instrumentlaridan foydalanish darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, Markaziy bank ma’lumotlari mamlakatda ham aholi, ham biznes uchun kreditlash faolligi saqlanib qolayotganini, iqtisodiyotning uy-joy qurilishi, kichik tadbirkorlik va iste’mol bozori kabi yo‘nalishlarida talab yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA