Metropolitenda xavfsizlik talablarini buzganlarga jarima qo‘llanadi
2026 yil 5 fevralda qabul qilingan (O‘RQ–1118-sonli ) qonun bilan qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi normalar transport sohasida harakat va tashish xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bunday huquqbuzarlikni sodir etgan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravari miqdorida jarima solinishi belgilandi.
Shuningdek, temir yo‘l transporti va metropolitenda xavfsizlik buzilishi bilan bog‘liq hodisalar yoki ular haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu holatda ham mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi.
Qonunda avtomobil transportiga oid qoidalar ham kuchaytirildi. Xususan, tegishli guvohnomasiz yo‘lovchi tashish, yo‘l haqi tariflarini asossiz oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik yoki yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish uchun BHMning 3 baravari miqdorida jarima solish nazarda tutildi.
Hamroz Bayanov, O‘zA