Mehnat muhofazasi masalalari muhokama qilindi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan “Ta’lim sohasida mehnat muhofazasiga oid muammolar” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda muassasa, korxona va tashkilotlar, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar, kasaba uyushmasi qo‘mitalari rahbarlari va tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.


O‘quv-seminarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi U.Jalmenov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi D.Samarbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi inspektori M.Seydullayev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashining mehnat-texnik inspektori B.Utepbergenov tomonidan ishtirokchilarga mehnat muhofazasi sohasidagi amaldagi qonunchilik, ish o‘rinlarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarish jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish va xodimlar salomatligini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.


Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan ta’lim muassasalarida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Shuningdek, mehnat muhofazasi madaniyatini oshirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini kuchaytirish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.