Daraxtga zarar yetkazgan fuqaro 10 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi
Xorazm viloyatida ekologiyaga zarar yetkazish bilan bog‘liq navbatdagi huquqbuzarlik holati aniqlandi.
Viloyat prokuraturasi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining “Eko-politsiyasi” tomonidan o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida Urganch tumanining Beshayvon mahallasida fuqaro tomonidan daraxtga ruxsatsiz ravishda shikast yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, fuqaro Sh.B tomonidan amalga oshirilgan mazkur xatti-harakat amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan unga nisbatan 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisob-kitob qilinib, 6 million 579 ming so‘mni tashkil etgani aniqlandi va ushbu mablag‘ni undirish belgilandi.
Yashil hududlarni muhofaza qilish, daraxt va butalarni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Bu kabi nazorat tadbirlari esa tabiatga befarq munosabatning oldini olishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri