Ma’lumotlar markazini ishga tushirishga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov DataVolt kompaniyasi bosh ijrochi direktori Rajit Nanda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida IT Park Uzbekistan hududida qurilayotgan ma’lumotlar markazining bugungi holati, qurilish ishlarining yakuniy bosqichi va ob’ektni belgilangan muddatlarda ishga tushirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, markazni foydalanishga topshirish, tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish va ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ko‘pchilikda yangi markaz O‘zbekistonga nima beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
IT sohasi mutaxassislarining aytishlaricha ushbu loyiha mamlakatdagi hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talabni qondirish bilan cheklanib qolmaydi. U xalqaro bozorlarga raqamli xizmatlar va hisoblash quvvatlarini eksport qilish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Uchrashuvda xalqaro texnologiya kompaniyalarini jalb etish, ilg‘or bulutli xizmatlarni rivojlantirish va yuqori unumli hisoblash infratuzilmasini shakllantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Ma’lumotlar markazining ishga tushirilishi O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli infratuzilmadagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin. Bu esa mamlakatning nafaqat raqamli xizmatlardan foydalanuvchi, balki ularni xalqaro bozorga taklif etuvchi davlat sifatidagi imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Uchrashuv yakunida loyihaning keyingi bosqichlarini muvofiqlashtirish, mavjud masalalarni o‘z vaqtida hal etish va markazni ishga tushirishga tayyorgarlik ishlarini izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA